Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni, test sinovlaridagi yangiliklar haqida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
Abituriyentlar uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan yangi o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda muvofiq keluvchi fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.
Tashkiliy jihatlarning ko‘p vaqt va kuch talab qilishi, abituriyentlar sonining keskin ortishi munosabati bilan 2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
Ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda nechta oliy ta’lim muassasasi (1, 2 yoki 3 ta), jug‘rofik joylashuvi ahamiyat kasb etmaydi. Masalan, 3 ta ta’lim yo‘nalishi 1 ta, 2 ta yoki 3 ta oliy ta’lim muassasasidan tanlanishi, oliy ta’lim muassasalari abituriyent yashaydigan hududda yoki Toshkent shahrida yoinki viloyatlarda joylashgan bo‘lishi mumkin. Biroq tanlashda bajarilishi, e’tibor berilishi shart bo‘lgan tomonlarini qayd etib o‘tamiz.
Birinchidan, ta’lim yo‘nalishlarini tanlashda test sinovi topshiriluvchi fanlar majmuasi (fanlar ketma-ketligi, baholash mezonlari) bir xil bo‘lishi lozim.
Ikkinchidan, abituriyent tomonidan ta’lim yo‘nalishlariga ustuvorlik belgilanadi.
Uchinchidan, to‘plagan ballari miqdori birinchi ustuvorlik berilgan ta’lim yo‘nalishiga xoh davlat granti, xoh to‘lov-kontrakt bo‘yicha tavsiya etishga yetadigan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok eta olmaydi. Agar birinchisiga yetmay, ikkinchisiga yetsa, demak, uchinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok eta olmaydi.
Agar abituriyent test sinovi natijalari (ballari) tanlangan ta’lim yo‘nalishlarining birinchisiga to‘lov-kontrakt asosida, ikkinchisiga davlat granti bo‘yicha yetadigan bo‘lsa, u birinchi ustuvorlik bergan ta’lim yo‘nalishiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi, ikkinchisiga davlat granti bo‘yicha emas.
Abituriyentlar qanday to‘lovni amalga oshiradi?
2019 yilgi test imtihonlaridan boshlab o‘tgan yilgi yoki undan oldingi yilgi test sinovlaridan o‘ta olmay bu yil yana hujjat topshirayotgan abituriyentlar uchun eng kam ish haqining bir baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirish taklif qilinmoqda. Ya’ni, hozirgi vaqtda 202 ming 730 so‘m. Uchta ta’lim yo‘nalishini tanlagan abituriyentlar bir martalik to‘lovni amalga oshiradi. Abituriyentlar orasida tushunmovchilik bo‘lmasligi uchun alohida qayd etish kerakki, 3 ta’lim yo‘nalishi tanlangan bo‘lsa-da, to‘lov miqdori o‘zgarmaydi, eng kam ish haqining 50 foizi.
Joriy yilda maktab, lisey yoki kollejni bitirganlar uchun bu summa to‘lanmaydi. Yangi bitirgan abituriyentlar uchun hujjat topshirish va test sinovlarida ishtirok etish bepul.
Test sinovlariga to‘lovni joriy etilishi amalda tayyorgarliksiz kelayotgan, bilimsiz va noqonuniy maqsad bilan ishtirok etayotgan abituriyentlar sonining va test sinovlari jarayonida o‘zgadan yordam olish yoki yordam berish holatlarining kamayishiga olib keladi. Ushbu holat xorijiy mamlakatlarda keng tarqalgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida joriy etilgan.
Abituriyentlardan tushgan to‘lovlar test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyaviy ta’minlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar binolarning ijara to‘loviga, katta quvvatli kondisionerlar, shaxsni aniqlash, biometrika, mobil aloqa to‘lqinlarini to‘suvchi qurilmalari bilan jihozlashga yo‘naltiriladi.
Belgilangan tartib qoidaga muvofiq, abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini o‘tkazish jarayoni to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Abituriyent test sinovlaridan to‘plagan ballari haqida sertifikatga ega bo‘ladi
Yana bir muhim ma’lumotni aytib o‘tish joiz. Endilikda abituriyentga test sinovida to‘plagan ballari haqida sertifikat beriladi. Bu 3 yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillarda mazkur ball kirish uchun yetarli bo‘lgan taqdirda u talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda 3 yil ichida EKIHni qayta to‘lash ham shart bo‘lmaydi.
2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy ta’lim muassasalariga bakalavriatga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.
Mazkur o‘quv yilida test fanlari majmuasi ikki bo‘limga ajratilib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchi abituriyentlar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili (o‘zbek tili, qoraqalpoq tili, rus tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan kiritiladi. Majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo‘lib, abituriyentlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi.
Davlat test markazi tomonidan berilgan milliy sertifikatning imtiyozi ushbu sertifikatlarning amal qilish muddati davrida saqlab qolindi.
Sertifikat sinovlari yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 2 yil muddatga beriladi.
Endi abituriyent doimiy istiqomat qiladigan joyida test sinovini topshirish imkoniyatiga ega
Abituriyentga o‘zi ro‘yxatdan o‘tadigan, aniqrog‘i, doimiy istiqomat qiladigan joyida test sinovida ishtirok etish imkoniyati beriladi. Bu ortiqcha vaqt, mablag‘ sarflanishining, sarsongarchiliklarning oldini oladi. Test sinovlari o‘tkazilishi uchun viloyat markazidan katta sig‘imdagi bino tanlab olinadi va moslashtiriladi.
Test sinovi savollarida o‘zgarish bo‘ladimi?
Joriy yildan boshlab tarix fanidan atlas va kontur xaritalar bo‘yicha yangi savollar qo‘shiladi. Savollar darsliklar bor bo‘lgan ma’lumotlar asosida tuzilmoqda. Ya’ni yaxshi o‘quvchi maktab darsligida tarixdan atlas va kontur xarita haqida ma’lumoti bo‘lishi kerak. Bu reja DTMning test dasturida azaldan bo‘lgan, shu paytgacha texnik imkoniyatlar yetarli bo‘lmagani, chop etishdagi imkoniyatning cheklangani uchun bunday savollar kiritilmagan.
Milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentga imtiyozlar mavjud
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish, shuningdek kirish sinovlarida belgilangan imtiyozlarni ya’ni, milliy yoki xalqaro sertifikatlar asosida imtihonlarsiz maksimal ball berilishi kutilmoqda.
Chet tillari asosiy fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori daraja belgilandi.
Chet tillari asosiy fan sifatida kiritilmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari V1 va undan yuqori daraja belgilandi.
Test sinovlari (kasbiy (ijodiy) imtihon) majmuasiga chet tili fani kiritilgan barcha (asosiy yoki asosiy bo‘lmagan fan ekanligidan qat’i nazar) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori daraja tatbiq etiladi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni, test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti uchun alohida sertifikat darajasi bo‘yicha tartib belgilanadi.
Sirtqi ta’lim yo‘nalishlariga qanday imtiyozlar bor
Sirtqi, kechki ta’lim yo‘nalishlarida tahsil to‘lov asosida amalga oshiriladi, shularni hisobga olsak, davlat granti asosida o‘qish huquqini beruvchi imtiyozlar ushbu ta’lim turlariga tatbiq etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 apreldagi qarori asosida amaldagi tartibga kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining sirtqi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan kirish test sinovlari yoki oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan kirish imtihonlari (kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) orqali tanlov asosida amalga oshiriladi. Sirtqi ta’lim olishni hohlovchi abituriyentlardan mehnat staji talab qilinmaydi. Sirtqi ta’lim shaklida ham uchta ta’lim yo‘nalishini tanlash huquqi beriladi.
Agar Davlat komissiyasining qaroriga ko‘ra sirtqi ta’lim shakli qabuli uchun Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, imtiyoz sirtqi ta’lim shakli uchun ham tatbiq etiladi.
Sohaga yangiliklarga doir savollar bo‘lsa call center tashkil etilgan
Davlat test markazida Call center tashkil etilgan, unga 1195 qisqa raqam orqali murojaat qilish, darhol javob olish imkoniyati mavjud.
Yana bir muhim ma’lumot, test savollari 2019/2020 o‘quv yili oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish qabul test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari tomonidan tavsiya etilgan darsliklardan foydalaniladi.
Ro‘yxat DTMning saytida e’lon qilingan. Test topshiriqlari amaldagi tartibga binoan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi. Joriy yilda test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishda foydalanishga tavsiya etilgan darsliklar bilan birgalikda o‘quv dasturlarida o‘rganish nazarda tutilgan ayrim badiiy adabiyotlar keltirilgan.
Test topshiriqlari ham ushbu badiiy adabiyotlardan tuziladi, mazkur adabiyotlarni to‘liq o‘qib chiqish tavsiya etiladi.