Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Elektron resept» tizimi bekor qilingani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Bunday xabarlar tarqalishiga Sog‘liqni saqlash vazirligining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan «Elektron resept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi buyruq loyihasi asos qilib keltirilgan.
Vazirlik qayd etishicha, mazkur buyruq loyihasi ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025 yil 15 dekabrdagi 25-son buyrug‘ida «Elektron resept» tizimi asosida beriladigan dori vositalarining ro‘yxati bosqichma-bosqich shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.
Ya’ni birinchi bosqichda tizimli ta’sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar hamda gormonal dori vositalari uchun elektron resept majburiy bo‘lishi belgilangan.
Yangi buyruq loyihasida esa Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da joylashgan barcha tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarda resept bilan beriladigan dori vositalari elektron resept tizimiga to‘liq o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda (alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursasiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno).