Bugun 16 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirishda Koreya tajribasi o‘rganilmoqda

Ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirishda Koreya tajribasi o‘rganilmoqda

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi vakillari 2026 yil 13–17 aprel kunlari Janubiy Koreya poytaxti Seulda bo‘lib o‘tayotgan seminar-vorkshopda ishtirok etmoqda.

Seminar Davlat ekologik ekspertiza markazi va Koreya atrof-muhit instituti (KEI) o‘rtasida tuzilgan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida tashkil etildi.

Ma’lumot uchun, Davlat ekologik ekspertizasi markazi va KEI o‘rtasidagi faol hamkorlik 2024 yil noyabridan boshlab izchil davom etib kelmoqda.

“Koreya atrof-muhit instituti bilan o‘rnatilgan hamkorlik O‘zbekistonda ekologik baholash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu vorkshop ekologik ekspertiza sohasida raqamli transformasiyani jadallashtirish yo‘lida yangi imkoniyatlar ochib beradi”, — dedi Davlat ekologik ekspertizasi markazi Bosh direktori G‘. Muxamedov.

Seminar-vorkshopda quyidagi yo‘nalishlarda chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalar egallanadi:
— Koreyada joriy etilgan Ekologik ta’sir baholash axborot tizimi (EIASS) haqida va uni ishlab chiqish tajribasi;
— EIASSni yangilash va kengaytirish bo‘yicha strategik rejalar hamda modernizasiya yo‘nalishlari;
— Raqamli atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasida ilmiy-tadqiqot natijalari va innovasion yondashuvlar;
— Sun’iy intellektdan ekologik ekspertiza va monitoring amaliyotida foydalanish imkoniyatlari;
— Atrof-muhit holatini masofadan kuzatishda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarining qo‘llanilishi.

Shuningdek, delegasiya vakillari Koreya Respublikasidagi yashil bog‘lar va yashil parklarni loyihalash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishishadi.

Ushbu seminar O‘zbekistonda ekologik ekspertiza tizimini raqamlashtirishga yo‘naltirilgan islohotlar bilan bevosita bog‘liq. Koreya tajribasini o‘rganish orqali Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari raqamli atrof-muhitga ta’sirni baholash platformasini shakllantirishda ilg‘or yechimlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, seminar davomida kelajakdagi qo‘shma loyihalar va ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar olib borilishi kutilmoqda.

Davlat ekologik ekspertizasi markazi va KEI o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklik Ekologiya milliy qo‘mitasining xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va ekologik boshqaruv tizimini zamonaviy standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha olib borayotgan maqsadli siyosatining yorqin namunasidir.

Kiritildi: Bugun 17:57. O'qildi: 185 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!