"Evroittifoq mamlakatlari aprel oyida joriy etilgan taqiqni bekor qilib, Rossiyadan suvsar mo‘ynasini import qilishni qayta tiklashga ruxsat berdi. Bu istisno o‘tgan haftada kelishib olingan Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar paketiga kiritildi", — deb xabar beradi Euractiv.
Evrokomissiya bu qarorni Rossiya jahon suvsar mo‘ynasi bozorida ustun mavqega ega ekani, shu sababli yevropalik ishlab chiqaruvchilarda deyarli muqobil yetkazib beruvchilar yo‘qligi bilan izohladi. Yevropalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, YEIda Rossiya suvsarining asosiy xaridorlari bo‘lgan Italiya va Gresiya ushbu istisnoga erishishga harakat qilgan.
Nashrning qayd etishicha, bu yengillik faqat ishlov berilmagan mo‘ynaga tegishli. Tayyor Rossiya mo‘yna mahsulotlarini Yevroittifoqqa olib kirish, shuningdek, bunday mahsulotlarni YEIdan Rossiyaga eksport qilish ilgarigidek taqiqlangan.
Qaror butun Yevropa bo‘ylab hayvonot fermalarini, shuningdek, mo‘yna importi va sotuvini taqiqlash bo‘yicha muhokamalar fonida qabul qilindi. Biroq Yevrokomissiya bu masala bo‘yicha qarorni bir necha bor kechiktirdi va Euractiv o‘rganib chiqqan hujjat loyihasidan ko‘rinishicha, to‘liq taqiq o‘rniga hayvonlarni boqish talablarini kuchaytirish tomoniga moyil bo‘lib turibdi.