Evropa Ittifoqi aholisining aksariyati Ukrainaning yaqin yillarda YEIga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Ukraina aholisi esa mamlakatning ittifoqqa tezroq qo‘shilishini istamoqda. Bu haqda Bertelsmann jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarida ma’lum qilingan.
Tadqiqotga ko‘ra, ukrainaliklarning 83 foizi mamlakatning yaqin yillarda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaydi. YEI aholisi orasida esa bu fikrni 47 foiz respondent ma’qullagan. So‘rovda qatnashganlarning 53 foizi Ukrainaning ittifoqqa tezlashtirilgan tartibda qabul qilinishiga qarshi chiqqan.
Berlin Kiyevga katta miqdorda harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatayotganiga qaramay, Germaniya aholisi Ukrainaning YEIga tezkor qo‘shilishi masalasiga nisbatan shubha bilan qaraydi.
Evropa Ittifoqining aholisi eng ko‘p bo‘lgan o‘nta mamlakati orasida Germaniya qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinni egallagan. Mamlakatda so‘rovda qatnashganlarning 41 foizi Ukrainaning tezroq a’zo bo‘lishini ma’qullagan.
Ruminiyada esa bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etgan.
Evropa Ittifoqining yirik mamlakatlari orasida Ukrainaning tezroq a’zo bo‘lish g‘oyasi Shvesiyada eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan. U yerda respondentlarning 69 foizi Ukrainaning YEIga yaqin yillarda qo‘shilishini yoqlab chiqqan.