"Barselona" Chempionlar ligasining pley-off bosqichida ishtirok etishini kafolatladi.
Xavi shogirdlari “H” guruhida “Portu”dan ustun keldi – 2:1. Endilikda ularning hisobida 5 turdan keyin 12 ochko bor, Portugaliya jamoasi va “Shaxtyor”da 9 ochko, “Antverpen”da esa 0 ochko bor. So‘nggi turda kataloniyaliklar Belgiya jamoasi bilan to‘qnash kelishadi.
Shuningdek, “E” guruhidan ikki jamoa 1/8 finalga chiqdi – “Atletiko” (11 ochko) va “Lasio” (10). 6 ochkoga ega “Feyenoord” esa ularga yetib olish imkoniyatini boy berdi. So‘nggi turda Madrid va Rim klublari o‘zaro to‘qnash keladi.
Bugun pley-offga chiqqan to‘rtinchi jamoa "Borussiya" bo‘ldi. Dortmundliklar “Milan”ni mehmonda mag‘lub etgan (3:1) “F” guruhida 10 ochko jamg‘argan va hozir “PSJ” (7) turgan ikkinchi o‘rindan pastga tushmaydi. “Nyukasl” va “Milan” esa 5 ochko bilan ulardan ortda qolishmoqda.