Bu galgi Yevropa Chempionlar ligasi finali har doimgidan-da o‘zgacharoq kechadi. Bu safar kutilmagan raqiblar turnir bosh sovrini uchun kurash olib borishadi. «Real» bu gal o‘zi o‘ynab o‘rgangan «Bavariya», «Barselona» yoki «Atletiko»ga qarshi emas, hali to‘liq kashf etib ulgurmagan «Liverpul»ga qarshi o‘ynaydi.
«LIVERPUL»NING IMKONIYATI — 50 FOIZ
Ha, Yurgen Klopp shogirdlarining imkoniyatini 30 yoki 40 foiz deb baholayotganlarga biroz shoshilmaslikni maslahat beramiz. Chunki, ehtimol, «mersisaydliklar» tarkib yoki mahorat jihatdan «Real» bilan tenglasha olmas, ammo hozir ingliz klubida iqtidor va shijoat yetarli darajada.
Hammamizga ma’lum, oldinga shahd bilan intilib borayotgan insonni to‘xtatish mushkul. Ayniqsa, o‘sha insonning ishtahasi har doimgidan karnay bo‘lsa. «Liverpul» hozir ana shu inson rolida. Yurgen Klopp shogirdlari uchun finalga chiqishning o‘zi bir baxt edi, ammo ular chempionlik uchun ham intilishadi, bu — aniq.
«Liverpul»ning birinchi yutug‘i — tarkib. Yosh, kuchli, tezkor futbolchilar, har biri g‘alabaga chanqoq, har biri Yevropa Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritishga mushtoq. «Real» uchun bu sovrin oddiy holga aylangan bo‘lsa, «Liverpul» uchun mo‘’jizaning o‘zginasi. Qolaversa, Yurgen Klopp ham, uning shogirdlari ham tushunib turishibdiki, bunday imkoniyat keyingi safar bo‘lmasligi mumkin. «Liverpul» keyingi yili Yevropa Chempionlar ligasi finaliga chiqa oladimi, yo‘qmi, Xudo biladi. Shu bois mersisaydliklar finalda hayot-mamot jangini olib borishlari shubhasiz.
Bundan tashqari, Yurgen Klopp bitmas-tuganmas iqtidorga ega. U bir paytlar «Borussiya»ni boshqarganida aynan «Real»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi. O‘shanda «qirollik klubi» hozirgidan kuchli bo‘lsa kuchli ediki, kuchsiz emasdi. Murabbiy ham yaxshigina tajribaga ega Joze Mourinyo edi. Ammo Klopp yarim finalda «Real»ni Yevropa Chempionlar ligasidan chiqarib yubordi, o‘sha paytda «Borussiya» ham iqtidorli, futbol tili bilan aytganda, katta futbolchilarga ega emasdi. Levandovski esa «Real»ga 4 ta gol urib, mashhurlikka erishgandi.
Bu safar biroz boshqacha. «Qizillar» safida allaqachon mashhurlikka erishgan futbolchi bor, bu — Muhammad Saloh. Qolaversa, germaniyalik mutaxassis qo‘l ostida tezkor o‘yin ko‘rsata oladigan, kerak paytda qarshi hujum tezligini oshira biladigan futbolchilar yetarli. Bu esa Kloppga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. «Real»ning finalda birinchi raqam ostida o‘ynashini inobatga olsak, o‘z-o‘zidan «Liverpul»da, albatta, qarshi hujum uchun imkoniyatlar bo‘ladi.
Klopp — taktika jihatidan juda kuchli murabbiy. U agar «Real»ga qarshi o‘yinda jamoaviy kuchni to‘g‘ri taqsimlay olsa, muvaffaqiyatga erishishi mumkin. Qolaversa, xuddi «Roma» va «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarda bo‘lgani kabi futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshira olishi lozim. Bu yerda bir jihatga alohida e’tibor berish talab etiladi, ya’ni futbolchilarning ongidan «Real»ning yetakchi klub ekanligi haqidagi tushunchani chiqarib tashlash zarur. Yodingizda bo‘lsa, Italiya chempionatida «Napoli» ustozi «Yuventus»ga qarshi o‘yindan oldin futbolchilariga «Yuventus» haqida o‘ylashni ham taqiqlagandi. Bu esa futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirgandi. Shu bois agar «Liverpul» futbolchilari «Real»ning salobatini yoddan chiqarishsa, hech qanday vahimaga berilishmaydi va final o‘yinida o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmaydi.
«REAL»NING YUTUG‘I — TAJRIBA
«Real» ayni damda «Liverpul»dan bir jihatdan ustun, bu — tajriba. Har safar «qirollik klubi» tajriba evaziga zafar quchmoqda. Bundan oldingi ikkita finalda ham Zidan shogirdlari tajriba evaziga sovrinni ilib ketishgan. Ramos hal qiluvchi pallalarda gol urish tajribasini o‘zlashtirgan, «Real» qo‘shimcha bo‘limlarda qanday o‘ynashni o‘rganib olishgan va Zidan shogirdlari 120 daqiqa bir xil tepmda o‘ynay biladi. Bu Zidanning kuchni to‘g‘ri taqsimlay olishi va «Real» futbolchilarining qaysi vaqtda nima qilish lozimligini o‘zlashtirishgani bilan bog‘liq.
Ayni paytdagi «Real» o‘tgan yilgidan kuchsizlangan, bu — aniq. Zidanning rotasiyalari ham hali pishib ulgurmadi. Tarkibda yulduz futbolchilarning ko‘pligi esa bugungi kun futbolida ish bermay qo‘ydi. Shu bois fransiyalik mutaxassis faqat bir jihatga — to‘g‘ri taktikaga va tajribaga tayana oladi, xolos.
Raqib — tezkor jamoa. O‘zing kabi o‘ynaydigan klubga qarshi harakat qilishning esa mashaqqatli tomonlari ko‘p. Qolaversa, «Real»ning hujum chizig‘ida yaxshigina muammolar bor. Quvonarli jihati, Isko va Karvaxal finalga tayyor bo‘ladi. Isko-ku mayli, uning o‘rnida o‘ynaydigan futbolchi topiladi, ammo Karvaxalning o‘rni bilinishi tayin edi. Xayriyat, Zidan bu muammolardan xalos bo‘ldi.
Zidanning oldida juda katta mas’uliyat, bosim turibdi. Agar «Real» Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib bo‘la olmasa, fransiyalik mutaxassis noqulay ahvolda qoladi. Birinchidan, «Real» butun boshli mavsumni sovrinsiz yakunlaydi, bu «qirollik klubi» uchun ham, Zidan uchun ham juda salbiy natija. Ikkinchidan, Zidan aynan Yevropa Chempionlar ligasi finali uchun La Ligada kurashni muddatidan oldin to‘xtatdi. Hatto ikkinchi o‘rindan ham deyarli voz kechdi. Hammasi — Yevropa Chempionlar ligasi bosh sovrini uchun. Uchinchidan, aynan Zidan tufayli «Real» o‘tgan yil yozida deyarli transferlarni amalga oshirmadi. Zidan qo‘l ostidagi futbolchilar bilan yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishiga Florentino Peresni ishontirdi. Hozir esa uning so‘nggi imkoniyati qoldi, agar «Real» Yevropa Chempionlar ligasi finalida ham mag‘lub bo‘lsa, Peres fransiyalik mutaxassisning ikki marta ketma-ket Yevropa chempioni bo‘lganini ham unutadi. Shu bois «Real» bosim bilan o‘ynaydi va bu o‘yin davomida raqib foydasiga xizmat qilishi ham mumkin. Biroq «Real»da g‘oliblik sindromi bor. «Real» chempion bo‘lish ko‘nikmasiga ega. «Real» uchun finallar oddiy o‘yinga aylangan. Shu bois «qirollik klubi» futbolchilari finalni ortiqcha xatolarsiz o‘tkazishi ehtimoli yuqori.
Bu bir o‘yinlik to‘qnashuv, unda har narsa bo‘lishi mumkin. Ikkala klubda ham vaziyatlar bo‘lishi tayin. «Real» o‘yin davomida to‘pni o‘zida olib yurib, raqibni to‘psiz qoldirishga o‘rgangan jamoa emas. «Real» raqibga ham imkoniyat berib va uni xato qilishga majbur qilib, bu bilan o‘ziga imkoniyat hosil qiladigan va undan foydalanadigan jamoa. Bu shuni anglatadiki, finalda «Liverpul»da ham imkoniyat bo‘ladi. Hammasi shu imkoniyatlardan qanday foydalanishga bog‘liq. Finalda kichik imkoniyatlardan ham foydalangan, kamroq xato qilgan va omadi kulgan jamoa yutadi. Nima bo‘lganda ham ajoyib final ko‘rishimiz shubhasiz.