Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Denov tumanida yashovchi, 1994 y.t. fuqaro o‘zining “Kobalt” rusumli avtomashinasida Uzun tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 50 kg. 567 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkosavdogarlardan olganligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1972 y.t. fuqaro muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg. 929 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib kelayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Farg‘ona shahrida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini qayta sotib, mo‘may daromad topishni maqsad qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Samarqand – Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashina Bo‘ston tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib, tekshirildi.
Natijada, unda ketayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi, 1990 va 1995 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs hamda Qirg‘iz Respublikasining O‘sh viloyati Qora-suu shahrida yashovchi, 1984 y.t. ushbu davlat fuqarosidan 4 kg. 727 gr. “gashish” moddasi olindi.
Aniqlanishicha, ular mazkur giyohvandlik vositasini tojikistonlik shaxsdan Urgut tumaniga keltirib berish sharti bilan sotib olishgan va uni qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, ortga qaytayotgan bo‘lishgan.
Boshqa holatda esa Paxtaobod tumanida yashovchi, 1981, 1982, 1991, 1992 yillarda tug‘ilgan 4 nafar fuqaro Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlar yetkazib bergan 4 kg. 634 gr. “gashish” moddasini Andijon tumanida 53 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, ulardan 3 nafari muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.Tergov harakatlari olib borilmoqda.