Slovakiya Bosh vaziri o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Denisa Sakova "Do‘stlik" (Drujba) neft quvuri orqali Rossiya xomashyosi eksporti 23 aprelga o‘tar kechasi qayta boshlanganini tasdiqladi. Bir kun avval Vengriya hukumati ham yetkazib berish tiklanganini ma’lum qilgan edi. Ushbu strategik muhim quvur 27 yanvardagi o‘qqa tutishdan so‘ng to‘xtab qolgan bo‘lib, shu vaqt ichida Slovakiya va Vengriya Rossiyadan neft ololmayotgandi.
Ukraina tomoni quvurga Rossiya droni zarba berganini da’vo qilgan bo‘lsa, Vengriya va Slovakiya Kiyevni ta’mirlash ishlarini atayin kechiktirishda aybladi. Ushbu kelishmovchilik sababli Budapesht YEIning Ukrainaga moliyaviy yordam ajratishini bloklagandi.
Biroq 12 aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Kiyevga yordam berishga veto qo‘yib kelgan Viktor Orban partiyasi mag‘lub bo‘ldi. Shundan so‘ng, 21 aprel kuni Zelenskiy neft quvuri ta’mirlangani va neft haydashni boshlashga tayyorligini e’lon qildi, natijada mintaqaviy energetik inqiroz yumshash bosqichiga o‘tildi.