Dunyodagi eng yirik A23a aysbergi Skotiya dengizidagi tuzoqdan chiqib, Janubiy okean tomon harakatlanishni boshladi, deb xabar beradi Daily Mail.
Olimlar A23a maydoni deyarli to‘rt ming kvadrat kilometrni tashkil etishini taxmin qilgan. Bu Nyu-Yorkning maydonidan uch baravar (taxminan 780 kvadrat kilometr), Moskva maydonidan esa 1,6 baravar (taxminan 2500 kvadrat kilometr) katta.
«A23a yana harakatni boshlaganini ko‘rish quvonchli. U Antarktidadan ajralgan boshqa yirik aysberglar yo‘nalishida ketish yoki ketmasligini kuzatish qiziq. Eng muhim jihati uning mahalliy ekotizimga qanday ta’sir ko‘rsatishida», — deydi okeanograf Endryu Meyers.
A23a aysbergi Antarktida sohillaridan 1986 yilda ajralib chiqqan, biroq ko‘p o‘tmay Veddell dengiziga «tiqilib qolgan». O‘ttiz yil davomida u statik «muz oroli» sifatida turgan, joyidan qimirlamagan. 2020 yilga kelib u yana harakatlanishni boshlagan. Aprel boshlarida A23a Antarktidaning sirkumpolyar oqimiga kirib qolgandi — bu Yer yuzidagi barcha daryolarda oqadigan suvdan yuz barobar ko‘proq suvni aylantiradigan ulkan kuch hisoblanadi.