Milanning moda uylari butiklari joylashgan Montenapoleone ko‘chasi dunyodagi eng qimmat ijara haqiga ega savdo nuqtasiga aylandi. U ilk bor mazkur reytingdagi asosiy «raqobatchilari» — Nyu Yorkdagi Beshinchi avenyu hamda Londondagi Nyu-Bond stritni ortda qoldirdi.
138 ta global savdo markazlaridagi vaziyatni kuzatish bilan shug‘ullanuvchi Cushman & Wakefield kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, ushbu ko‘chada joylashgan binolarning ijara haqi bir yil ichida 11 foizga qimmatlashib, metr kvadrati uchun 20 ming yevroga yetgan.
Ekspertlarning qayd etishicha, 34 yil ichida ilk bor Yevropada joylashgan ko‘cha reytingda yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yili Chanel va Gucci hashamatli buyumlar bilan savdo qiluvchi brendlar o‘rtasida kuchayib borayotgan raqobat sharoitida Montenapoleoneda yangi do‘konlarini ochgan.
Gucci va Alexander McQueen kabi brendlarga egalik qiluvchi Kering kompaniyalar guruhi Milandagi ko‘chada joylashgan bino uchun 1,3 milliard yevro to‘ladi — bu Yevropada oxirgi ikki yil ichida ko‘chmas mulk sohasida amalga oshirilgan eng yirik bitimga aylandi.
Cushman & Wakefield vakili Tomas Kasolaning so‘zlariga ko‘ra, lyuks brendlar «juda kam imkoniyatlar sharoitida yaxshi joy topish uchun ko‘plab mablag‘larini tikmoqda». Uning hisoblashicha, Montenapoleoneda ijara haqining tez oshib borishi ko‘cha Beshinchi avenyu yoki Nyu-Bond stritdan ancha qisqa ekaniga bog‘liq, ammo xalqaro brendlar investisiya kiritib, aynan shu yerga intilmoqda.
Shuningdek, eng qimmat ko‘chalar reytingidan Yelisey maydoni va Honkongdagi Chimsachyoy ko‘chasi ham o‘rin oldi. Top-10 ro‘yxatga Vena markazidagi Kolmarkt savdo ko‘chasi yakun yasadi.