Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozir dunyoda OIV infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan qariyb 40 million kishi yashaydi.
Har yili bemorlar soni salkam 1,5 million nafarga ko‘paymoqda. Eng achinarlisi, xastalik yiliga 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lyapti. Albatta, bu ko‘rsatkichlar OIV inson hayoti uchun jiddiy tahdid ekanligining yaqqol tasdig‘idir.
Ushbu global muammoga qarshi hamjihatlikda kurashish maqsadida har yili 1 dekabr sanasi dunyo bo‘ylab Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
Respublika OITSga qarshi kurashish markazi direktori Bahrom Egamberdiyevning fikricha, hozir yurtimizda o‘z statusidan xabardor bo‘lgan OIV bilan yashovchilar 87 foizga, bemorlarni retrovirusga qarshi muolajalar bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 89 foizga yetgan.
Soha raqamlashtirilishi natijasida 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyali bolalarga nafaqa tayinlash, homiladorlar, nikohlanuvchilar va aholi turli vakillarini OIVga tekshirish, bemorlarning tibbiy kuzatuvi, xorijga chiqish, donorlik hamda tug‘ilish ma’lumotlarida aniqlikka erishilib, ovoragarchilikka chek qo‘yildi.
Bemorlarga, respublikaning qaysi manzilida yashashidan qat’i nazar, chegarasiz tibbiy xizmat ko‘rsatish va muolaja o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Dorilarni qabul qilishda uzilishlarning oldini olish choralari ko‘rilyapti.
Ushbu infeksiya bilan yashovchi onalardan tug‘ilgan bolalarga OIV yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni infeksiyaga tekshirish qamrovi 100 foizga yetkazildi.
OIV aniqlangan bo‘lg‘usi onalar va ulardan dunyoga kelgan farzandlar retrovirusga qarshi dori vositalari, chaqaloqlar olti oylik bo‘lguniga qadar quruq sut aralashmalari bilan ta’minlanmoqda.
Tuman laboratoriyalari faoliyati raqamlashtirilishi natijasida barcha OIV skriningi natijalari elektron tizimda o‘z aksini topyapti.
Joriy yilda OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘z statusini bilishlari uchun 5 million nafardan ortiq aholi orasida tegishli tekshiruvlar o‘tkazildi.
Albatta, bularning barchasi kelgusida bu xavfli kasallikning oldini olish, uni erta bosqichda aniqlab, samarali davolashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.