Barchamiz hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda o‘qituvchi va ustozlarning xizmati beqiyos. Ularning biz uchun qilgan mehnatlarini hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz lozim. Ularga alohida ehtirom ko‘rsatish qonunchiligimizda ham belgilab qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, yurtimizda 1996 yildan buyon 1 oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni sifatida nishonlanadi va bu kun dam olish kuni hamdir. Qiziq, bu bayram butun dunyoda ham aynan shu kuni nishonlanadimi? Quyida ushbu bayram dunyo mamlakatlarida aynan qaysi kuni o‘tkazilishini bilab olasiz.
1994 yil 5 oktyabr – Butunjahon o‘qituvchilar kuni sifatida qabul qilingan. Har yili shu kuni 100 dan ortiq mamlakatda o‘qituvchilar o‘zlarining kasb bayramlarini nishonlashadi. Lekin hamma davlatlarda ham unday emas.
Rossiyada bu bayram oktyabr oyining birinchi yakshanbasida nishonlansa, Argentina o‘qituvchilari kuni har yili 11 sentyabrda bo‘lib o‘tadi va bu butun xalq uchun juda muhim voqea hisoblanadi.
Braziliyada esa, o‘qituvchilar kuni 15 oktyabrga belgilangan. Eng qizig‘i, Albaniyada ustozlar kuni xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni, ya’ni 8 martda bo‘lib o‘tarkan.
O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni sifatida o‘tkaziladigan 9-may sanasida koreyaliklar o‘qituvchilarini kasb bayrami bilan tabriklashadi.
* Tayvandliklarda bu bayram Konfusiy tavallud topgan kun sharafiga – 28 sentyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
* Oktyabr oyining oxirgi juma kuni Avstraliyada ustozlarga bayram sovg‘alari ulashiladi.
* Livanda o‘qituvchilar kuni yuqori ko‘lamda nishonlanadigan bayramlardan biri bo‘lib, ustozlarga atalgan tantanalar 3 martdan 9 martgacha davom etadi.
* Turkiyalik murabbiylar bu bayramni 24 noyabr kuni nishonlashadi.
* Armaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Moldaviya, Estoniya, Litviya davlatlarida bu bayram YUNESKO tomonidan Butun dunyo o‘qituvchilar kuni sifatida belgilangan 5 oktyabr kuni o‘tkaziladi.
Xullas, bayram qayerda qachon nishonlanishidan qat’iy nazar ustozlarimizni unutmaylik. Zero, bugungi darajaga erishishimizda ularning hissasi katta. Ustoz deganda nafaqat maktab yoki oliygohdagi o‘qituvchilar balki mustaqil hayotda o‘z yo‘lini topishda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan insonlar ham tushuniladi.