Birlashgan Arab Amirliklarida 2024 yil 6 dekabrdan 2025 yil 12 yanvargacha davom etadigan qishki savdo festivali – “Dubai Shopping Festival” boshlanishini dunyoda ko‘pchilik intiqlik bilan kutyapti. Anjumanning asosiy tashkilotchisi Dubay festivallari va chakana savdo boshqarmasi (DFRE) hisoblanadi. Bu haqda shahar Iqtisodiyot va turizm departamenti ma’lum qildi.
Mehmonlar qiziqarli voqealar, unutilmas taassurotlarga boy 38 kunlik sermazmun dasturdan bahramand bo‘ladi. Ishtirokchilarga mingdan ziyod chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, tadbir xalqaro va mahalliy brendlar namoyishi, qiziqarli mavzularga oid parklar bo‘ylab sayohat, ochiq havoda sayr qilish va qimmatbaho sovrinlar yutib olish uchun noyob imkoniyatdir.
Ilk bor 1996 yil o‘tkazilgan “Dubai Shopping Festival” amirlikni zamonaviy global shaharga aylantirishga qaratilgan ulug‘vor g‘oya ramziga aylandi. Bu voqea shahar taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Bugungi kunda mazkur anjuman dunyodagi eng uzoq davom etadigan xarid festivali sifatida tan olingan.