Bugun 13 oktyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Dubay kompaniyasi O‘zbekistonda oqova suvlardan sovun ishlab chiqarmoqchi

Dubay kompaniyasi O‘zbekistonda oqova suvlardan sovun ishlab chiqarmoqchi

Envirol kompaniyasi O‘zbekistonda 50 mln dollarlik ekoloyiha amalga oshiradi. Loyiha doirasida oshxonalardan chiqadigan oqova suvlardagi yog‘larni ushlab qoladigan filtrlar o‘rnatiladi.

BAAning Envirol kompaniyasi O‘zbekistonda oqova suvlarni tozalash va chiqindi yog‘larni qayta ishlash bo‘yicha 50 million dollarlik loyihaga investisiya kiritadi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda oshxonalardan chiqayotgan oqova suvlarda yog‘ miqdori me’yordan yuqori bo‘lib, bu infratuzilma tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazmoqda. Yangi tizim bu muammoni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Vazirning aytishicha, amaldagi qonunchilik bo‘yicha har bir litr oqova suvda faqat bir milligramm yog‘ bo‘lishiga ruxsat etilgan. Biroq filtr tizimlari yo‘qligi sababli, bu talab bajarilmayotgan edi. Envirol kompaniyasi o‘rnatadigan uskunalar yordamida yog‘lar ajratib olinib, qayta ishlangandan keyin xo‘jalik sovuni va bioyoqilg‘i mahsulotlariga aylantiriladi.

2025 yil boshida «O‘zsuvta’minot» kompaniyasi Envirol bilan suvlarni tozalash va bioyoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzolagandi. May oyida esa Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov kompaniya vakillari bilan Markaziy Osiyodagi ilk chiqindidan bioyoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zavodni O‘zbekistonda qurish imkoniyatlarini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, Envirol 2006 yilda Dubayda tashkil etilgan bo‘lib, Dubay hukumati bilan hamkorlikda kuniga yarim million litrdan ortiq chiqindi moyni qayta ishlaydigan qo‘shma korxona hisoblanadi. 2026 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda faqat yog‘-moy filtrlari o‘rnatilgan umumiy ovqatlanish muassasalari oqova suv tizimlariga ulanishiga ruxsat beriladi.

Kiritildi: 14:46 09.10.2025. O'qildi: 499 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!