Bunday ma’lumotni mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya taqdim etdi. Qayd etilishicha, hibsga olinganlarning deyarli barchasi Istanbuldagi namoyish ishtirokchilari bo‘lgan. Ushbu aksiyada 60 mingdan ortiq odam qatnashgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 1 may kuni butun Turkiya bo‘ylab 212 ta aksiya o‘tkazilib, ularda 286,5 ming fuqaro ishtirok etgan. Jamoat tartibini 122,8 ming nafar polisiyachi nazorat qilgan.
"Istanbulda namoyishchilar shahar markazidagi Taqsim maydoniga kirishga harakat qilishgan, biroq hukumat u yerda namoyish o‘tkazishni ko‘p yillardan beri taqiqlab kelmoqda. Polisiya maydon atrofida to‘siqlar o‘rnatgan, bu esa harakatni va jamoat transporti ishini izdan chiqargan", deya xabar beradi DPA agentligi.
Ushbu namoyishlari Istanbul meri Ekrem Imamog‘lu hibsga olinganidan munosabati bilan bo‘lib o‘tmoqda. Imamog‘lu Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning kelgusi saylovlardagi asosiy raqibi sifatida ko‘rilayotgan edi. Imamog‘lu hibsga olingach, Istanbulda yuz minglab odamlar ishtirokida norozilik namoyishlari o‘tkazildi.