Ukraina Favqulodda xizmatlaridagi manbalarning “Novosti Donbassa”ga ma’lum qilishicha, Kuraxovo suv omborining Ternovskaya to‘g‘oni bugun ertalab Kuraxovoning o‘qqa tutilishi natijasida vayron bo‘lgan.
"To‘g‘onning buzilishi tufayli Volchya daryosidagi suv sathi allaqachon bir metrga ko‘tarilgan. Daryo bo‘yidagi aholi punktlarida suv bosish xavfi mavjud bo‘lsada, hali suv bosmagan", deb yozadi “Novosti Donbassa”.
Hozircha to‘g‘on qaysi kuchlar tomonidan buzilgani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ukraina va Rossiya tomonlari bunda bir-birini ayblamoqda.
Kuraxovoda Ukraina qo‘shinlari uchun muhim logistika markazi joylashgan. Rus armiyasi shaharni qurshovga olgan. Kuraxovoning yo‘qotilishi Ukraina Qurolli kuchlarining Donbass janubidagi qarshiligiga amalda chek qo‘yadi.