AQSh Prezidenti Tehronni misli ko‘rilmagan iqtisodiy yakkalash rejasi borligini ma’lum qildi. Biroq bu borada qanday aniq choralar ko‘rilishiga oydinlik kiritmadi. Uning ta’kidlashicha, Eronga har qanday shaklda yordam berish imkoniyatini yaratadigan davlatlarning moliyaviy muassasalari, kompaniyalari, aeroportlari va davlat tashkilotlariga nisbatan choralar ko‘rilishi mumkin.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi mazkur bayonotlarni Vashingtonning muvaffaqiyatsiz siyosatining davomi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosimni yanada kuchaytirish AQShni yangi muvaffaqiyatsizliklarga olib kelishi mumkin. Sanksiyalar va harbiy bosim Eronni o‘z siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur eta olmaydi.
Donald Tramp avval ham Eron bilan qarama-qarshilik davrida NATO davlatlari va Osiyoning qator mamlakatlari tomonidan AQShga yetarlicha ko‘mak ko‘rsatilmayotganidan noroziligini bildirgan edi. U mazkur davlatlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etishga chaqirib, ushbu yo‘nalishdagi harbiy va iqtisodiy xarajatlarni AQSh yolg‘iz o‘zi ko‘tarmasligi kerakligini ta’kidlagan.
Vashingtonning ushbu bayonotlari ortidan BAA Eron bilan savdo operasiyalari, tijorat almashinuvlari va moliyaviy operasiyalarni noma’lum muddatga to‘xtatishini ma’lum qildi. Qaror BAA hukumati Eron hududidan uchirilgan ikki raketa aniqlangani haqida xabar berganidan so‘ng qabul qilindi. Tehron esa mazkur xabarni asossiz deb baholadi.
Ayni paytda AQSh va Eron o‘rtasida ehtimoliy muzokaralar o‘tkazilishi borasida qarama-qarshi bayonotlar yangramoqda. Donald Tramp avvalroq Tehron bilan hech qanday aloqa yo‘qligini bildirgan bo‘lsa, uning maxsus vakili Jared Kushner muzokaralar davom etayotgani va yanada faol tus olganini ma’lum qildi.
Avvalroq tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ikki marta kelishuvga erishilgan edi. Biroq har ikki holatda ham kelishuvlar uzoq davom etmay, yana harbiy harakatlar qayta boshlangan.