Yirik investorlar orasida dollarga bo‘lgan ishonch so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushdi. Bunga AQSh siyosatidagi oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘zgarishlar sabab bo‘lmoqda. Bu haqda "Financial Times" nashri "Bank of America" tadqiqotiga tayanib yozmoqda.
Nashrning qayd etishicha, dollar ketma-ket ikkinchi yil pastlamoqda: 2025 yilda u 9 foizga tushib ketgan bo‘lsa, joriy yilda yana 1,3 foiz yo‘qotdi. Hozirda kurs qariyb to‘rt yillik minimal ko‘rsatkichda turibdi. Mualliflarning ta’kidlashicha, hatto prezident Donald Trampning o‘tgan yil aprel oyidagi keng ko‘lamli bojlari ham investorlarni bugungidek qo‘rqitmagan edi.
Nashr bahosiga ko‘ra, asosiy sabab — Trampning jahon maydonidagi agressiv qadamlari va FRTga (Federal zaxira tizimi) o‘tkazayotgan bosimidir. Gazetaning taxmin qilishicha, AQSh kapital uchun xavfsiz boshpana bo‘lish xususiyatini yo‘qota boshlagan.
"Vanguard" rahbari Rodjer Xallam yuqori o‘zgaruvchanlik (volatillik) tufayli investorlar Amerika aktivlariga investisiya kiritish yondashuvini qayta ko‘rib chiqqanlarini tushuntirdi.
Aniqlik kiritilishicha, Kevin Uorshning FRTga tayinlanishi bozorlarni biroz tinchlantirgan, ammo dollarga bo‘lgan talabni qayta tiklay olmagan.