Isroilning G‘azo sektoridagi urushida 50 mingdan ortiq xorijiy fuqaro qatnashgan, shulardan 264 nafari ikki fuqarolikka ega O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi — Al Jazeera.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar son jihatdan 126 davlat orasida 27-o‘rinda qayd etilgan. Mazkur shaxslar Isroil fuqaroligiga ham ega bo‘lib, ular orasida ko‘p fuqarolikka ega bo‘lgan fuqarolar ham bor.
G‘azodagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan xorijliklarning asosiy qismi AQSh va Yevropa davlatlari fuqarolari hisoblanadi. Hozirda Isroil armiyasida kamida 12 135 nafar AQSh fuqarosi xizmat qilayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, Isroil armiyasi safida 6 127 nafar Fransiya, 5 067 nafar Rossiya, 3 901 nafar Germaniya, 3 210 nafar Ukraina, 1 686 nafar Buyuk Britaniya va 1 675 nafar Ruminiya fuqarolari ham bor.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘istondan 192 nafar, Qirg‘izistondan 55 nafar, Turkmanistondan 33 nafar va Tojikistondan 8 nafar fuqaro Isroil armiyasida xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Isroil armiyasi taxminan 169 ming nafar faol harbiy va 465 ming nafar zaxiradagi askardan iborat. Ularning qariyb 8 foizi ikki yoki undan ortiq fuqarolikka ega.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning xorijiy davlatlar harbiy xizmatiga yollanishi taqiqlangan. Jinoyat kodeksining 154-moddasiga asosan, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi.