Hozirda labini ukol qilib ishirish, ko‘ziga rangli linza qo‘ydirish, burnini operasiya qildirib, shaklini o‘zgartirish, dori ichib vazn tashlash va shu kabi ishlar bilan hilqatni o‘zgacha qilishga urinadigan qizlar soni ortmoqda. Bu shunchaki moda ortidan quvish emas, ruhiy buzilishning bir turidir. O‘ziga nisbatan ishonchning pastligi bilan namoyon bo‘luvchi bu holat fanda "dismorfofobiya" deb yuritiladi.
Unda odam haddan tashqari tashvishlanib, o‘z tanasining kichik nuqsoni yoki xususiyati bilan mashg‘ul bo‘ladi. Dismorfofobiyaning asosiy belgilariga quyidagilar kiradi: o‘z tashqi ko‘rinishining bir yoki bir nechta jihatlarini kuchli yoqtirmaslik, ko‘p bo‘yanish yoki kiyimlar bilan kamchiliklarini yashirishga urinish, tashqi ko‘rinishini boshqa odamlarniki bilan taqqoslash.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kasallik turli xil psixologik, ijtimoiy, biologik va shaxsiy omillar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Ko‘pincha, muammo o‘smirlarda boshqalarning tanqidisabab paydo bo‘ladi.
Dismorfofobiyani davolash mutaxassis nazoratida, maxsus ishlab chiqilgan kognitiv xulq-atvor terapiyasi va dorilar yordamida amalga oshiriladi. Kosmetik davolanish esa samarasiz, chunki dismorfofobiyaga chalinganlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish bilan tinchimaydi, o‘ziga tanqidiy nazar tashlab, yangi ayblarni topishda davom etaveradi. Shu bois iroda kuchini ishga solib, qat’iyatni oshirib, o‘zini qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirgan maqsadga muvofiq.