Bugun 12 avgust, 2025 yil, seshanba

КИР

Detektiv qissa: "Alvastilar o‘yini" (davomi)

A A A
Detektiv qissa: "Alvastilar o‘yini" (davomi)

ALVASTILAR O‘YINI 


Nizomjon ISLOMOV

 

Davomi. Boshlanishi

— O‘zi aytdi. Xotiningiz, — deya izoh berdim suhbatdoshimning chimirilgan qoshlarini ko‘rib.
— Endi aniq tomi ketibdi. Tavba, boy-badavlat odam bo‘lsa ekanki, kimdir moliga ko‘z olaytirish uchun uni yo‘q qilish payiga tushsa?
Men uning bu gaplariga zarracha e’tibor bermadim. Chunki miyamda g‘ujg‘on o‘ynayotgan savollarni tartibga solish bilan band edim.
— Xotiningizni nega tashlab ketgansiz?
— Bu shaxsiy hayotim bilan bog‘liq. Uni esa dasturxon qilmoqchi emasman.
— Xotiningiz, erim meni jinni bo‘lganimdan beri yoqtirmaydi, dedi. Shu rostmi?
Jo‘rayev savolimga javob olmasdan qo‘ymasligimni bildi, shekilli:
— O‘rnimga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Jinni ayol bilan yashagan bo‘larmidingiz? — dedi.
Shu payt birdan tobi qochgandek bo‘ldi. Rangi oqarib ketdi.
— Ahvolingiz yaxshimi? — so‘radim men unga diqqat bilan tikilib. — Nima bo‘ldi sizga?
— Hech narsa, o‘tib ketadi. Hadeb kompyuter oldida o‘tiraverganimdan yuragimning mazasi qochgan, shekilli. Aslida, bu ham xotinimning kasofati.
— Demak, u rostdan ham jinni, shundaymi?
— Ha. Tentakning o‘zginasi. Bir safar nimaningdir shitirlashidan uyg‘onib ketdim. Qarasam, tepamda pichoq ko‘tarib turibdi. Nuqul “Seni o‘ldiraman, alvasti” deydimi-ey. Shundan keyin qo‘rqib qoldim. Uydan chiqib ketdim.
— Ha, sizga rosa qiyin bo‘libdi. Lekin unga kim tahdid qilayotganini topishim kerak. Siz birorta odamdan shubhalanmayapsizmi?
— Shubha… bilmadim, haqmanmi yoki nohaqman, ammo opasini bir so‘roq qilsangiz bo‘lardi, u ko‘p narsani biladi.
— Masalan, nimani…
— Bu menga qorong‘u. Sizga qo‘limdan kelgancha yordam berdim, endi uzr, ishlashim kerak.
— Shu yog‘iga ham rahmat. Kalavaning uchini amallab topib olarman.
— Qotilni topsangiz, menga ham ko‘rsating, bir peshonasidan o‘pib qo‘yay.
Jo‘rayevga kulib qo‘ydim-da, tashqariga chiqdim. Ayolning opasi haqida ma’lumot to‘plashga kirishdim. Topganlarim esa quyidagilar edi: Sharipova Zilola, 1970 yilda tug‘ilgan. Oilada ikki qizning to‘ng‘ichi. Otasi katta biznesmen.
— Shoshma, — dedim yordamchim qo‘limga tutqazgan ma’lumotlarni yana bir qur ko‘zdan kechirarkanman. — Otasi katta biznesmen ekan. Unga nima bo‘lgan?
— Bundan bir hafta burun vafot etgan. Baxtsiz tasodif. Mashina urib ketgan. Lekin yana bir qiziq tomoni bor.
— Xo‘sh?
— U vasiyatnoma yozishga ulguribdi.
— Qanaqasiga? O‘lishini oldindan bilgan ekanmi?
— Shunaqaga o‘xshaydi, — yordamchim chakkasini qashladi. — Menda ikkita variant bor. Yo otasiga kimdir majburan yozdirgan yoki otasi uni o‘ldirishlari mumkinligini sezgan.
— Vasiyatnomani qo‘lga kiritmadingmi?
— Hozircha yo‘q. Ammo vasiyatnoma mazmunidan boxabar odam bilan gaplashdim.
— Xo‘sh…
— Ota bor merosini ikki qiziga bo‘lib beribdi.
— Meros kattami?
— O‘h-hu, — boshini sarak-sarak qildi yordamchim. — Judayam. Qo‘sha-qo‘sha zavodlar, to‘rtta avtomobil, eng so‘nggi rusumdagisi va dang‘illama hovli.
— Demak, mijozimizni bejizga o‘ldirmoqchi bo‘lishmabdi-da, — o‘zimcha fikr qildim men. — Opasi aybdorga o‘xshaydi…
— Unda hibsga olaveramizmi?
— Dalil-isbotsiz-a? Shoshma, yaxshisi, ikkita yordamchi chaqiramiz. Bittasi Jo‘rayevning oldiga, ikkinchisi Sharipovaning oldiga boradi.
— Biz-chi?
— Sen dam ol. Mening esa, qiladigan ishlarim bor.
— Lekin men charchaganim yo‘q, qarshi bo‘lmasangiz, sizga yordamlashsam.
— Mayli.
Mening o‘z rejalarim bor edi. Ikkita baquvvat yigitni er va opaning yoniga jo‘natdim. Ulardan kerakli xabarlarni olish kerak edi. O‘zim esa mijozimning uyiga bordim.
— Qanday kiramiz? Kalit yo‘q-ku, — hayron bo‘ldi yordamchim. — Yoki buzib kiramizmi?
— Biz jinoyatchi emasmiz, buzmaymiz. Sim bilan ochaman.
— Axir, biz jinoyatchi emasmiz, dedingiz-ku hozir.
— To‘g‘ri, biroq qaysidir yo‘l bilan kirishimiz kerak-ku.
Uyga kirganim zahoti e’tiborimni tortgan narsa gilamning ko‘tarilgani va uning ichidan ingichka simning chiqib qolgani bo‘ldi. Keyin ipning izidan sekin ichkari uyga kirdim va ip ulangan joyni ko‘rdim-u, nimanidir anglagandek bo‘ldim. Birozdan keyin yuvinish xonasining eshigi tomon yurdim. Eshik ushlagichidagi yana bir dalil esa fikrimni tasdiqladi. “Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas” deya o‘yladim-u, tashqariga otildim.
— Bu ayol ancha o‘qimishli chiqib qoldi-ku, — dedi sherigim kitob javonini ochgancha hayratlanib.
— Nahotki? Ko‘p kitob o‘qirmikin?
— Ha, judayam. Eng qizig‘i, kitoblarining orasida birorta ham badiiy asar yo‘q. Hammasi qanaqadir kimyomi-ey, fizikami-ey. Aftidan, shu fanlardan dars bergan bo‘lsa kerak oldin.
Men uning gaplarini zo‘rg‘a eshitdim. Fikr-u xayolim hozirgina qo‘lga kiritgan dalilimda edi. Darhol tashqariga otlandim.
— Qayerga shoshyapsiz? — so‘radi yordamchim.
— Ketdik, xonimning hayoti xavf ostida. Bu yerda bir gap bor. Tezroq!
* * *
Ko‘zlangan joyga yetib kelganimizda uy atrofi jim-jit edi. Biz jo‘natgan yigit esa, yerda cho‘zilib yotar, og‘zidan qon oqqan, to‘rt-besh joyiga pichoq sanchilgandi.
— Anavini qarang, — qo‘riqchi yigitni ko‘rsatdi sherigim. — Bu yerda bir gap bor.
Ko‘nglim bir noxushlikni sezib, darrov ichkariga yugurib kirdim. Bu yerda ham hech kim yo‘q edi. Shu payt ichkari xonalarning biridan bo‘g‘iq ovoz eshitilgandek bo‘ldi. Darhol o‘sha xonaning eshigini taqillatdim.
— Xonim, eshikni oching.
Ovoz birdan tinib qoldi. Keyin nimaningdir taraqlagan ovozi eshitildi. Eshikni buzishga majbur bo‘ldik. Sherigim eshikni ag‘anatganida xonada Sharipova bir ahvolda yotar, deraza esa ochiq edi.
— Qochib ketibdi, shekilli, — dedi yordamchim.
Men darrov deraza yoniga bordim. Rostdan ham bir erkak jonholatda yugurib ketar, qo‘li g‘alati silkinardi.
— Fotoapparatni ber, — dedim sherigimga.
— Nega? — ajablanib so‘radi u.
— Ber degandan keyin bersang-chi…
U sumkasidan endigina chiqargan fotoapparatni yulib oldim-da, ancha uzoqlashib qolgan erkakni suratga oldim. So‘ng derazaning pastki qismini, yerni suratga tushirdim. Bu orada sherigim jabrlanuvchini o‘ziga keltirishga ulgurgandi.
— Tuzukmisiz, xonim, — deya Sharipovadan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldim.
— Rahmat, — deya zo‘rg‘a gapirdi u.
— Bu qanday sodir bo‘ldi?
— Bilmadim. U sezdirmasdan kirdi uyimga. Men kitob o‘qib o‘tirgandim. Ovozni eshitib, ortimga o‘girilganimda, yuzimga musht kelib tushdi. Keyin esa, u meni bo‘g‘a boshladi. Yaxshiyamki, siz kelib qoldingiz. Aks holda, bilmadim, bundan qanday qutulardim?
— Men bir narsaga tushunmayapman, — o‘ylashga urindi sherigim. — Taxminlar o‘zini oqlamayapti-ku. Qotil kim bo‘lishi mumkin endi?
— Vaziyat chigallashib ketdi, — Sharipovaga sinchkovlik bilan tikildim. — Ammo baribir, jinoyatchi topiladi. Bu aniq. Siz xavotir olmang.
— Xo‘p, rahmat sizga. Agar vaqtida yetib kelmaganingizda…
Tashqariga chiqib, tanish qo‘riqchi yigitning jasadiga qaradim. Ayamay pichoq sanchishibdi. Uning murdasini darrov olib ketishdi. Yordamchim esa hamon meni savollarga ko‘mib tashlardi:
— Men bir narsani tushunmayapman, biz shu paytgacha qotil Sharipova deb yurardik, lekin uniyam o‘ldirmoqchi bo‘lishibdi-ku. Demak, qotil umuman boshqa odammi?
Vaziyat meni ham ancha chalkashtirib yuborgandi. Kimdan shubhalanishni bilmasdim. Qo‘limda faqat shu paytgacha qo‘lga kiritgan birgina dalilim bor edi, xolos. Ana shu dalilni tasdiqlatish uchun ruhiy kasallar shifoxonasiga borishga qaror qildim.
* * *
Eski mijozim ko‘zini bir nuqtaga tikkancha nimanidir o‘ylab o‘tirardi. Yo‘q, u uzoqdan qaraganda, sira jinniga o‘xshamasdi. Ayniqsa, hozirgi holatida u har qanday aqlli odamdan ham yuz chandon aqllidek edi. Bu yerga kelishimni unga aytmadim. Chunki uzoqdan uning asl qiyofasini ko‘rmoqchi edim. Lekin o‘yga cho‘mib o‘tirganini aytmasa, u men uyida ko‘rgan tentak ayoldan unchalik ham farq qilmasdi.
— Yaxshi o‘tiribsizmi?
Eski mijozim menga yalt etib qaradi. O‘zini meni endi ko‘rib turgandek tutdi. Aslida, biroz oldin payqagan, lekin o‘zini sezmaganlikka olgandi.
— IYE, siz bu yerda nima qilib yuribsiz? — dedi u yangi yilda qorboboni birinchi marta ko‘rgan bolakaydek ko‘zlarini katta-katta ochgancha.

(Davomi ertaga joylanadi)

Kiritildi: 09:50 16.07.2019. O'qildi: 1950 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!