Bugun 29 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Deputatlarni majlismen desak bo‘lmaydimi?

A A A
Deputatlarni majlismen desak bo‘lmaydimi?

Bloger Muhrim A’zamxo‘jayev telegramdagi kanali orqali jurnalistlarga qulay bo‘lishi uchun ba’zi atamalarni o‘zgartirishni haqida post yozdi. Uning fikrlarini quyida to‘liqligicha o‘qishingiz mumkin.

“Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi a’zosi (deputati) majilismen deyiladi. Xuddi AQSh Kongressining quyi palatasi a’zolari kongressmen deyilgani kabi.

Biz ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini majlismen desak bo‘lmaydimi, a? Masalan, biror deputat qovun tushirgan bo‘lsa, u shunchaki qandaydir kengash deputati emas, kimsan parlament deputati ekanini bildirish uchun kamida: «Qonunchilik palatasi deputati Falonchijon Pistonchixonov» deb yozish kerak, boloxonador qilib. O‘rniga: «Majlismen Falonchijon Pistonchixonov» deyilsa, sarlavhadan qancha ortiqcha so‘z chiqib ketadi.

Yana, shu «Endi O‘zbekistonda milisiya degan atama yo‘q» degan vallomatlar «ichki ishlar organi xodimi» degan uzundan-uzoq kasb nomiga bir so‘z muqobil topib bersa yaxshi bo‘lardi. Yo ichki ishlar tizimidagi islohotni to‘la yakunlab, uni polisiya deb e’lon qilib yuborishsin (shunda odamlar: «ichki ishlar organi xodimi» deb qiynalmay, «polisiyachi» deydi-qo‘yadi), yo boshqacha, milliy qadriyatlarimizga mos nom taklif qilishsin.

Biror joyda mirshabni kaltaklashsa, «milisioner kaltak yedi» deb yozishga odam hijolat — «milisiya» bo‘lmaganidan keyin «milisioner» ham yo‘q, uning o‘rniga «ichki ishlar organi xodimi» deb yozsang, sarlavha to‘rt qator bo‘lib ketyapti...

Yoki, hurmatli OAV xodimlari, o‘zimiz boshlaylik — deputat Kusherbayevni «majlismen Kusherbayev» deb atashni, «Xorazmda ichki ishlar organi xodimi bir ayolni urib o‘ldirib qo‘ymagan» deyish o‘rniga «Xorazmda polisiyachi bir ayolni urib o‘ldirib qo‘ymagan», deb yozishni. Axir, mana, Prezident kortejining boshida yuradigan motosiklchilarning ulovi peshonasi police deb yozilgan; turistik ob’ektlar atrofida yursang, tourism police yuribdi. Ikkitasi polisiya bo‘lganidan keyin, qolgani ham polisiya-da, to‘g‘rimi?

Bu endi ish davomida xayolga kelgan fikrlar. O‘zbekistondagi eng dolzarb muammolar emas. Shunchaki fikrlar. Ba’zan shunaqasi ham bo‘ladi”.

Kiritildi: 21:45 20.09.2019. O'qildi: 2347 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!