Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Deputat IIV tashabbusi haqida: "Shaxsan men tish-tirnog‘im bilan bunga qarshiman va barcha hamkasblarimni bunga chaqiraman"

Deputat IIV tashabbusi haqida: "Shaxsan men tish-tirnog‘im bilan bunga qarshiman va barcha hamkasblarimni bunga chaqiraman"

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida Ichki ishlar vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonuni loyihasi yuzasidan munosabat bildirdi.

Kodekslar qonun sifatida qabul qilinib, uning xalq vakillaridan iborat parlament tomonidan amalga oshirilishi demokratik huquqiy jamiyatning muhim belgilaridan biri, deyish mumkin. Yaxshiyamki shunday.

Hurmatli IIV mas’ullari! Biz ko‘p yillar davomida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun aholi daromadiga mos tushmaydigan jarimalar qo‘llash orqali haydovchilarda juda ko‘plab e’tirozlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldik. Qars ikki qo‘ldan deganidek, bunda deputatlarning ham hissasi borligidan ko‘z yuma olmayman. Biroq bundan manfaatdor idora yoki toifa aynan deputatlar emasligini to‘liq ishonch bilan ayta olaman. Va bunda hamma harakatlar, avvalo, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun, degan maqsadga ishonganmiz.

Biroq asosiy masala bunda emas, balki IIV tomonidan so‘nggi vaqtlarda avotomobillarning orqa eshigiga parda o‘rnatish bo‘yicha amalda mavjud bo‘lmagan cheklovni tan olmay zo‘rma-zo‘raki qilinayotgan harakatda. Bir qarashda bu katta masala emasdir, biroq tenglik, adolat va ishonch nuqtai nazaridan bu menga muhim.

Mazkur masalada fuqarolarning orqa eshikka parda taqishlariga hech qanday to‘siq yo‘qligi hatto bir nechta sudlarda isbotini topgan, shuningdek, biz deputatlar tomonidan bir necha bor chiqishlar qilingan bo‘lsa ham, IIV YHXB mas’ullarining buni «xato, sizlar nima desanglar ham biz haqmiz», qabilida ish qilinishi yurtdoshlarimiz oldida hurmatning susayishiga sabab bo‘lmoqda. Shuncha bilim, tajriba va salohiyatga ega mustaqil sudlarga, xalq vakillariga bunchalik ishonmay, ularni inkor qilishning sababi nimada, shunga hayronmiz.

Agar IIV YHXB mas’ullari shunchalik haq ekan unda nima uchun «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 126-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasini tayyorlab, ushbu moddadagi haydovchilar avtomobillarining orqa eshiklariga parda taqqanlik uchun javobgar bo‘lishdan ozod qiladigan aynan «haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish» degan jumlani «tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan», deya ya’ni «haydovchi o‘rnidan» degan so‘zni chiqarib tashlashni taklif etmoqda. Bu orqali haydovchilarning avtomobillarning orqa eshigiga parda taqish huquqi to‘liq cheklanadi.

Bundan anglashiladiki, IIVning biz haqmiz, degan da’vosi aslida noto‘g‘ri bo‘lib, endi so‘zda sobit turish uchun qaysarlik bilan qonunni o‘zgartirishmoqchi.

Biroq hozir deputatlarimiz ancha faol va odamlarning dardini har qachongidan ko‘ra yaqinroq his qilishadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi barcha sohalar qatori parlament a’zolarining ham xalq bilan qilayotgan yanada yaqin muloqotlari xalqimizni qiynayotgan masalalarni yaqindan his qilishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu bois deputatlarning qo‘lidan o‘tadigan ushbu loyiha katta umid bilan qabul qilinmay rad etilishiga ishonaman. Shaxsan men tish-tirnog‘im bilan bunga qarshiman va barcha hamkasblarimni bunga chaqiraman.

IIV mas’ullariga esa xalqimizga xos mardlik, oliyjanoblik kabi hislatlarga mos ravishda ish tutib, asosiy e’tiborlarini «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonun talablariga so‘zsiz rioya etish hamda o‘z tizimida «Mehnat kodeksi»dagi ish vaqti va ish yuklamasiga oid talablarga to‘liq amal qilishga e’tiborlarini qaratishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.

Hech birimizni ishimizga bo‘lgan hafsala va toqat qilish fazilati tark etmasin!

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Kiritildi: 13:05 08.10.2019. O'qildi: 4848 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!