Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Surxondaryo viloyati, Denov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.N (erkak)ning murojaati kelib tushdi.
Murojaatda Surxondaryo viloyati Denov tumanida joylashgan 64-sonli maktab o‘quvchilari maktabga qatnash uchun mashinalar harakatlanadigan yo‘ldan borib kelishlarini, maktab hududida avtomobillar tezligini cheklovchi yo‘l harakati belgilari hamda kuzatuv moslamalari mavjud emasligi sababli bolalar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalari yuz berayotganlini ma’lum qilib, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida maktab hududidan o‘tuvchi yo‘lga zamonaviy yo‘l belgilari o‘rnatilishi yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida, Ichki ishlar vazirligi hamda Surxondaryo viloyat hokimligi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Natijada, Denov tumanida joylashgan 64-sonli maktab oldida piyodalar yo‘l chig‘ini chizish, yuqori tezlikni cheklovchi yo‘l belgilarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Aytish kerakki,
Bolalar ombudsmani respublikamizning barcha hududlarida o‘quvchilarning maktabga qulay va xavfsiz qatnashini ta’minlash borasida mutasaddilar bilan tizimli ishlarni olib bormoqda.
Ma’lumot uchun: xavf guruhidagi maktablar oldida bola xavfsizligining samarali vositasi bo‘lgan 330 dan ortiq maxsus ko‘tarilgan piyoda yo‘lakchalari o‘rnatilgan bo‘lib, 2025 yil davomida ularning soni 680 ga yetkazilishi, shuningdek 248 ta boshqariladigan svetofor va 455 ta videokamera o‘rnatilishi rejalashtirilgan.