Yangi chat-botini ishga tushirgan Xitoyning DeepSeek startapi yirik ma’lumotlar sizib chiqishi mojarosiga duch keldi.
Amerikaning Wiz kiberxavfsizlik kompaniyasi mutaxassislariga ko‘ra, DeepSeek'ning sun’iy intellektga oid ma’lumotlar bazasidan bir milliondan ortiq yozuvlar ochiq tarmoqqa chiqib ketgan. Ularga dasturiy ta’minotning raqamli kalitlari va foydalanuvchilarning sun’iy intellekt-assistentga bergan so‘rovlari ham kiradi.
DeepSeek bu muammoni juda tez – atigi bir soat ichida bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq Wiz kompaniyasi hammuassisi Ami Luttvakning ta’kidlashicha, «bu ma’lumotlarni topish shu qadar oson ediki, biz birinchi bo‘lib ularni topganligimizga ham shubhamiz bor». Hozircha DeepSeek bu holat bo‘yicha rasmiy izoh bermadi.
Shunga qaramay, DeepSeek'ning sun’iy intellekti texnologik sohada katta e’tibor qozondi. 2025 yil 27 yanvar kuni uning ishga tushirilishi AI bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar aksiyalarining narxini o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Uning asosiy afzalligi – samaradorlik. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, DeepSeek raqobatchilariga nisbatan 70% kamroq energiya sarflaydi.
Ammo DeepSeek'da muammolar ham yo‘q emas. Test sinovlari shuni ko‘rsatdiki, uning ma’lumotlar bazasida eskirgan ma’lumotlar ko‘p. Shuningdek, Xitoy hukumati haqida tanqidiy savollar berilganda, chat-bot ularga javob berishdan bosh tortadi.