Hukumat qarori (476-son, 30.07.2025 y.) bilan “Davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
🔰 Nizom davlat xaridlari elektron tizimi operatori faoliyatini tashkil etish, elektron tizimda ma’lumotlarni almashish hamda davlat xaridlari to‘g‘risidagi ayrim axborotlarni moderasiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
📝 Davlat buyurtmachilarining xaridlarni amalga oshirish va ishtirokchilarning xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etish jarayonlari ularning davlat xaridlari elektron tizimida ro‘yxatga olingan paytdan e’tiboran amalga oshiriladi.
🔗 Davlat xaridlari elektron tizimida axborot tizimlari o‘rtasida axborot almashinuvi axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga muvofiq sertifikatlangan vositalardan foydalangan holda, himoyalangan aloqa kanallari orqali amalga oshirilishi shart.
📜 Bunda davlat xaridlari sohasidagi nazoratni amalga oshiruvchi organlar uchun zarur hujjat va ma’lumotlarni maxsus axborot portali orqali operatordan masofaviy talab qilib olish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
🚫 Insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritilgan ishtirokchilarning davlat xaridlaridagi ishtiroki davlat xaridlari elektron tizimi tomonidan avtomatik tarzda cheklanadi.