Financial Times nashrining yozishicha, kamida uch nafar AQSh fuqarosi Grenlandiyada yashirin operasiyalarda ishtirok etib, mahalliy jamoatchilikka ta’sir o‘tkazishga va Daniya bilan aloqalarni keskinlashtirishga uringan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan kamida bittasi Grenlandiyada Qo‘shma Shtatlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini tuzishga uringan. Shuningdek, orolning AQShga qo‘shilishini yoqlovchilarni Daniyaning o‘zida ham izlashgan.
Ushbu holat sababli AQShning Kopengagendagi vaqtinchalik ishlar bo‘yicha vakili Daniya TIVga chaqirtirildi.
"Qirollikning ichki ishlariga aralashishga urinishlar, tabiiyki, qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir", — deya ta’kidladi Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen.
"Hozircha qo‘lga olingan amerikaliklar bu ishlarni o‘z tashabbuslari bilan bajarganmi yoki AQSh hukumati ko‘rsatmasi asosidami bunisi noma’lum. Ammo taxminlarga ko‘ra, ularning barchasi Donald Tramp ma’muriyati bilan aloqalarga ega", deya yozmoqda Financial Times.