Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Dajjol qayerda yashaydi?

Dajjol qayerda yashaydi?

Barchamizga ma’lumki, Dajjol qiyomat qoim bo‘lishi oldidan yer yuzida chiqib, ko‘plab odamlarning yo‘ldan adashishlariga sabab bo‘ladigan maxluqdir. U haqida ba’zi savol-javoblarni keltirsak.

— Dajjol qayerda yashaydi?

— Alloh taoloning O‘zigagina ma’lum bo‘lgan orolda.

— Dajjol chiqqanidan keyin qancha yashaydi?

— 40 kun yashaydi.

— Bu kunlarning uzunligi qay darajada bo‘ladi?

— Dajjol chiqqan birinchi kun bir yildek, ikkinchi kun bir oydek, uchinchi kun bir haftadek, qolgan kunlar bizning kunlarimizdek o‘tadi.

— Dajjolning yonida nimalar bo‘ladi?

— Yonida jannat, do‘zaxi yoki ikki daryo bo‘lib, biri muzdek, ikkinchisi alangalanib qaynab turgan bo‘ladi.

— Undagi jannat va do‘zax haqiqiymi?

— Yo‘q, undagi jannat aslida do‘zax, do‘zax esa aslida jannatdir.

— Dajjolning tezligi qanchalik bo‘ladi?

— U shamol kabi tez yuradi. Hadisi sharifda shunday kelgan:

«Ey Rasululloh! U yer yuzida qanday tezlikda harakat qiladi?» «Ortidan shamol esgan yomg‘irli bulut kabi. U bir qavmga kelib, da’vat qiladi. Ular unga iymon keltirib, da’vatini qabul qiladilar...» (Imom Muslim 2937. Imom Termiziy 2240).

— Dajjol qayerlarga kira olmaydi?

— To‘rt joyga kira olmaydi: Makkaga, Madinaga, Quddusga, Tur tog‘iga. Bir hadisda bunday deyilgan: «Dajjolning oyog‘i, bironta makonga yetmay qolmaydi. Lekin Makka, Madina, Baytul-maqdis va Tur tog‘i bundan mustasno. Chunki farishtalar uni bu joylardan quvib chiqaradi». (Imom Qurtubiyning «Tazkira» kitobi).

— Dajjol necha kishini o‘ldiradi?

— Bir mo‘min yigitni o‘ldiradi. U yigit haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bu (mo‘min kishi) olamlar Robbisi huzurida shahidlarning eng ulug‘idir». (Imom Muslim, Imom Buxoriy rivoyatlari).

— Dajjolning shakli qanday?

Said ibn Jumhon Safiynadan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba o‘qib, shunday dedilar: «Har bir Nabiy ummatini Dajjoldan ogohlantirgan. Ogoh bo‘linglar, uning chap ko‘zi g‘ilay. O‘ng ko‘zining ustida ortiqcha eti bor. Ikki ko‘zining o‘rtasiga «kofir» deb yozilgan...» (Tayolisi va Imom Ahmad rivoyatlari).

Boshqa bir hadisda «O‘qishni biladigan va bilmaydigan har bir mo‘min uni o‘qiy oladi» deyilgan.

— Dajjolni kim o‘ldiradi?

— Allohning Nabiysi Iso alayhissalom o‘ldiradilar.

— Yer yuzida Dajjolning fitnasidan kattaroq fitna bo‘lganmi?

— Yer yuzida Dajjol fitnasidan ko‘ra kattaroq fitna bo‘lmagan.

Abu Umoma rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam odamlarga nido qilib, shunday dedilar:

«Ey insonlar! Alloh Odam zurriyotini yaratgandan beri, yer yuzida Dajjol fitnasidan ko‘ra kattaroq fitna bo‘lmagan. Alloh azza va jalla bironta Nabiyni yuborgan bo‘lsa, albatta, u ummatini Dajjoldan ogohlantirgan. Men nabiylarning so‘nggisiman. Sizlar eng so‘nggi ummatsiz. Shubhasiz, u sizlarga chiqadi. Agar u men orangizda bo‘lgan vaqtda chiqsa, men o‘zim har bir musulmon uchun u bilan hujjatlashib (g‘olib chiqaman). Agar u mendan keyin chiqsa, har bir kishi o‘zi uchun hujjatlashadi. Alloh mening o‘rnimga har bir musulmonga yordam beradi...» (Ibn Moja rivoyati).

— Dajjol qayerdan chiqadi va unga kimlar ergashadi?

— Dajjol sharqdan, aniqrog‘i, Xurosondan... Isfaxonning Yahudiyya nomli qishlog‘idan chiqadi. So‘ngra Iroq bilan Shom o‘rtasidagi Hijoz yeriga boradi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Dajjol mashriqdan, Xuroson degan yerdan chiqadi. Yuzlari teri qoplangan sovutga o‘xshaydigan guruhlar unga ergashadi».

(Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

— Dajjolga dunyodagi barcha kofirlar, yahudiylar, shu jumladan, Isfahon yahudiylaridan yetmish mingtasi ergashadi. Qolaversa, musulmonlar ichidagi johillar, ilmsizlar, avomlar, ayollar va yosh bolalar ergashib ketishlari aytilgan.

— Dajjol so‘zining ma’nosi nima?

— Dajjol so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri «Erni kesib o‘tuvchi» deganidir. Bu mal’un, uzoq masofalarni tezlik bilan bosib o‘tishda, yerni tez suratda aylanib chiqishda g‘ayrioddiy qudratga ega. Shuning uchun unga «Dajjol» deb nom berilgan. U yer yuzini xachirga o‘xshaydigan dumsiz eshagiga minib, aylanib chiqadi. Eshagining ikki qulog‘i orasi qirq ziro’ keladi. Dajjol shamol harakatlantirgan yomg‘irli bulut kabi, yer yuzida tez sur’atda harakat qiladi. Bu ham Alloh bandalariga yuboradigan sinovlardan hisoblanadi.

— Dajjoldan qutulish uchun nima qilish kerak?

— Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarda aytgan ishlarni qilish kerak.

Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb duo qilar edilar: «Allohim! Men Sendan, dangasalikdan, qarib-qartayishdan, gunohdan, qarzdor bo‘lishdan, qabr fitnasi va qabr azobidan, do‘zax fitnasi va do‘zax azobidan va boylik fitnasining yomonligidan panoh so‘rayman. Men Sendan yana faqirlik fitnasidan panoh berishingni, Masihi Dajjol fitnasidan panoh berishingni so‘rayman. Allohim! Mening xatolarimni suv, qor va do‘l bilan yuvgin. Oq kiyim kirdan tozalangani kabi qalbimni ham xatolardan tozalagin. Mashriq bilan Mag‘ribni uzoqlashtirganing kabi men bilan xatolarim orasini ham uzoqlashtirgin». (Beshovlari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilganlar).

Demak, doim duolarimizda ushbu duoni ham qilib yurishimiz kerak.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Sizlardan bironta kishi Dajjolga yo‘liqsa, unga Kahf surasinig avvalini o‘qisin». (Imom Termiziy rivoyatlari).

Hazrati sayyidimiz sollallohu alayhi vasallam yana shunday dedilar:

«Sizlardan bironta kishi Dajjolga duch kelsa, uning yuziga tupursin va Kahf surasinig avvalini o‘qisin». (Imom Tabaroniy rivoyat qilganlar).

Demak, Kahf surasini yodlashga harakat qilib borishimiz kerak ekan.

Alloh taolo barchamizni dajjol fitnasidan asrab, O‘zining huzuriga iymon bilan borishimizni nasib etsin!

Islom. uz sayti va boshqa internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi.

 

Kiritildi: 20:35 18.11.2019. O'qildi: 22586 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!