Bugun 23 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Chorshanba kuni kir yuvgan ayol beva qoladimi?

A A A
Chorshanba kuni kir yuvgan ayol beva qoladimi?

Xalq orasida ayrim voqea-hodisalar, xatti-harakatlar bilan bog‘liq bo‘lgan turli irim-sirimlar bor. Ba’zan ular sabab odamlarda ikkilanish paydo bo‘ladi. Ularga ko‘r-ko‘rona amal qiladiganlar ham yo‘q emas. Shu sabab, bu masalaga din nuqtai nazaridan oydinlik kiritish zarur. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, bu irimlarda mutlaqo asos yo‘q.

Injiq qaynonaga bahona tayin...

...Qaynonasining baqir-chaqiridan kir yuvayotgan yosh kelinchak cho‘chib tushdi. Avvaliga e’tibor bermadi, biroq qaynonasining Ichiqoraligingni allaqachon bilgandim, sen shum niyatning. Eh, soddagina bolam-a, shu jodugargayam ko‘ngil qo‘yasanmi, qiz quriganmidi senginaga degan gaplarini eshitib, qanday ayb ish qilganini bilmay hayron bo‘ldi.

Gunohim nima, oyijon? dedi u yig‘lamsirab.

Gunohim nima emish, chorshanba kuni kir yuvish gunohligini bilmaysanmi, sen noshud?! Onang chorshanbada kir yuvgan ayolning eri o‘lishini, mushkulkushod o‘qiladigan kunda mag‘zava to‘kish kufrligini o‘rgatmaganmi senga? Sen kelib, uyimdan xayr-baraka ketdi, endi bolamdan ham ayrilaymi?...

Sitoraning onasi uyda kir-chir to‘planib tursa, baraka qochadi, derdi. Lekin chorshanbada kir yuvib bo‘lmasligi haqida sira gapirmagandi. Rostdan ham, chorshanba kuni kir yuvgan ayol beva qoladimi? Bu haqda o‘ylarkan, Sitoraning qalbi o‘rtanib ketdi. Alloh asrasin, tavba qildim , deya pichirladi lablari titrab. Shunday bo‘lsa, rostdan ham nega onasi unga bu haqda uqtirmadi, o‘zi ham bilmaydimi yoki unutdimi? Balki bu o‘g‘li tanlagan kelinni sira xushlamaydigan injiq qaynonaning janjal chiqarish uchun izlab topgan navbatdagi bahonasidir.

Sitora nima qilishga hayron edi, tog‘oradagi kirlarini tezda chayib ildiyu, qolganlarini boshqa kuni yuvish uchun yig‘ishtirib qo‘ydi. Lekin miyasida charx urayotgan tizginsiz o‘y-xayollarni yig‘ishtira olmadi, ko‘nglidagi xijillik sababmi, boshiga og‘riq turdi...

Eshikdan chiqib, ortga qaytmang...

Ishga otlangan Mehriniso darvozadan chiqqanida qo‘l telefonini unutganini payqadi va ortga qaytdi. Boshqa narsa esimdan chiqsa, aslo yo‘ldan qaytmas edim, telefonimni unutganim yomon bo‘ldi-da, ortimga yurdim, endi bugun ishim orqaga ketadi, essiz degan xayolga bordi u. Bu fikr o‘z-o‘zidan qizning kayfiyatiga ta’sir qildi, tushkunlikka tusha boshladi. Boz ustiga, u qo‘l ko‘targan taksilar to‘xtamay o‘taverdi. Chunki mashinalarning hammasi to‘la, bo‘sh joy yo‘q edi, boshqa payt bo‘lganida Mehriniso buni haftaning birinchi kunida qishloqdan shaharga qaytuvchi yo‘lovchilarning ko‘pligi bilan izohlardi, ammo hozir endi kun bo‘yi shunaqa bo‘ladi , degan xulosaga keldi.

Mehriniso ishxonaga yetib kelganida ham bugun ishim yurishmaydi , degan xayoldan qutula olmadi. Shu kuni rostdan ham unga birmuncha qiyin bo‘ldi. Avvaliga to‘satdan elektr toki uzilishi natijasida ancha vaqtdan buyon tayyorlayotgan loyihasi havoga uchdi. Bu kompyuteridagi soxranit tugmasini bosmagani sababli ro‘y berganini bilsa-da, qiz tushmagur hammasini ertalabki ortga qaytishning natijasiga yo‘ydi...

Seshanbada tirnoq olinmaydi...

Seni ogohlantirganimga necha kun bo‘ldi? Nega tirnoqlaringni shu paytgacha olmading?

Ustozining tanbehidan uyalgan Sherali qo‘llarini qayerga yashirishni bilmay kalovlandi. Har yakshanba kuni uni yuvintirib, tirnoqlarini olib qo‘yadigan onasi kasalxonadaligi bois Sherali dushanba kuni maktabga shu ahvolda kelgandi. 1-sinfda o‘qimaydimi, u yangi o‘rganayotgan harfni yozishga ancha qiynaldi. Ustozi qo‘llaridan tutib, yozishni o‘rgatar ekan, o‘quvchisining o‘sgan tirnoqlariga ko‘zi tushdiyu, uyga boriboq ularni olishi lozimligini, bunday yurish salomatlikka zararligini ta’kidladi. Sherali uyga qaytgach, buvisidan tirnoqlarini olib qo‘yishni so‘radi.

Kun og‘ib, seshanba kirdi endi, seshanba va chorshanba kunlari tirnoq olib bo‘lmaydi, bunday qilgan odam tuhmatga qoladi. Chorshanba kuni tushdan keyin, payshanba kirganida olamiz tirnog‘ingni, dedi buvisi.

Sherali o‘qituvchim o‘sgan tirnoq bilan yurish sog‘lik uchun zararli, tozalikka rioya qilish kerak , dedi desa-da, buvisi unga quloq solmadi. Maktabga ketish oldidan qo‘llarini sovunlab yuvgan bo‘lsa-da, bola tirnoqlari ko‘karib turganidan xijolat bo‘lib, dars davomida barmoqlarini bekitishga urindi. O‘qituvchisi ikkinchi marta dakki berganda esa buvisining gaplarini aytdiyu, sinfdoshlari oldida izza bo‘ldi...

Xayrli ishlar kechiktirilmaydi

Xalq orasida yuqoridagi kabi misollarga o‘xshash irim-sirimlar ko‘p uchraydi. Aslida esa ularning bari asossiz, dinimizda ham bu ta’kidlangan. Jumladan, shariatda tirnoq olish uchun maxsus belgilab qo‘yilgan kun va vaqt yo‘q. Tirnoq o‘sgan ekan, qaysi kun va qaysi vaqt bo‘lishidan qat’i nazar, olish lozim. Xalifa Xorun ar-Rashid imom Abu Yusufdan: Kechasi tirnoq olsa bo‘ladimi? deb so‘raganlarida: Bo‘ladi , deya javob berganlar. Xalifa dalil so‘raganida, Abu Yusuf: Xayrli ishlar kechiktirilmaydi , degan asosli javobni berganlar.

Qarg‘aning qag‘illaganini eshitib yo‘lidan qaytgan kimsa, mushuk yoki tovushqon (quyon) yo‘lidan kesib o‘tganda yo‘lidan qolgan kishi ham kufrga ketgan, deb hisoblanadi. Aslida musulmon kishi har bir ish Alloh taolo irodasi bilan bo‘lishiga iymon keltiradi. Shu sababli yuqoridagi kabi holatlarni baxtsizlikdan ogohlantirish tarzida qabul etish mutlaqo mumkin emas. Bu islomiy e’tiqodga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Rasululloh (s.a.v.): Kasallik yuqmaydi (hech qaysi kasallik Allohning irodasisiz o‘zicha yuqmaydi), irim-sirim bema’nilik, boyqush baxtsizlik keltirmaydi va safar oyi bexosiyat emas , deganlar.

Xuddi shuningdek, sana va kunlarning ham baxtsiz yoki baxtlisi bo‘lmaydi. Allohning barcha kunlari bir xil. Har bir kunimizni mazmunli va munosib o‘tkazish esa o‘zimizning qo‘limizda. Allaqanday irimlar hech nimani belgilamaydi. Muhimi, egri va nomuvofiq yo‘llardan qaytib, kundalik turmush tarzimizni chiroyli va farovon tashkil qilishimiz lozim. Shundagina kechirayotgan kunlarimizning hammasi ham go‘zal va barokatli bo‘ladi.

Irim-sirimlarga ko‘proq ayollar ishonishadi, deydi Karmana tumani bosh otinoyisi Fotima Mirzayeva. Janozadan keyin mayit uchun qirq , ellik ikki kabi keraksiz ma’rakalarni o‘tkazish ham shuning natijasi. Shu bois aholi bilan muloqotlarda ularga, ayniqsa, ayollarga bunday marosimlarni o‘tkazish bid’at ekanini tushuntiryapmiz.

Psixologiya fani ham irimlarga ishonishni qoralaydi. Chunki insonni boshqarishda ongning roli katta. Bugun oldimdan qora mushuk o‘tdi yoki yo‘lga chiqqanimda ortimga qaytishga majbur bo‘ldim, endi ishim yurishmaydi , degan fikrga borishning o‘ziyoq insonni faollikdan chekinishiga asos bo‘ladi. Demak, irim-sirimlarga ishonish bilimsizlik oqibatidir. Diniy ta’limotdan boxabar, psixologiyani o‘rgangan kishi hech qachon ularga amal qilmaydi. Zotan, bu johillik alomatidir.

Manba: mahalladosh.uz

Kiritildi: 17:08 05.03.2019. O'qildi: 13933 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!