Bugun 12 iyul, 2025 yil, shanba

КИР

Chiqindilarni energiyaga aylantirishda Xitoy bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

A A A
Chiqindilarni energiyaga aylantirishda Xitoy bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, chiqindilarni energiyaga aylantirish tizimining yo‘lga qo‘yilishi nafaqat qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida inqilob yasaydi, balki iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga ham katta hissa qo‘shadi.

“China Everbright Environment Group Limited” qattiq maishiy chiqindilarni yoquvchi zavodlarning eng yirik yetkazib beruvchisi va Xitoyda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning integrasiyalashgan tizimlari yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Katta tajriba va ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan kompaniya qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi hamda oqova suvlarni qayta ishlovchi zamonaviy korxonalarga sarmoya kiritadi, quradi va ulardan foydalanadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining ko‘ptarmoqli yetakchi kompaniyasi “China Everbright Environment Group Limited” delegasiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Xitoy tomoniga respublikada chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada hal etilishi lozim bo‘lgan qator muammolar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, chiqindi morfologiyasi, hajmi va yonish darajasi hamda sohada investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va kafolatli imtiyozlar haqida so‘z bordi.

Hamkorlar bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, kompaniya muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, chiqindilar va resurslarni faol boshqarish global issiqxona gazlari chiqindilarining ta’sirini 15 –20 foizga kamaytiradi. Bu esa atrof-muhitga va iqtisodiy jihatdan sezilarli afzalliklarga olib keladi.

Uchrashuv davomida Xitoy delegasiyasi vakillari chiqindilarni boshqarishda Vyetnam tajribasi bilan bo‘lishib, chiqindilarni yoqish orqali energiya olish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Shu o‘rinda, yurtimizda ham Vyetnam tajribasidan kelib chiqib, qurilish va faoliyat yuritish uchun 30 yillik investisiya muddati taklif qilindi.

Yakunda mehmonlar Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi va Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi faoliyati bilan tanishtirildi.

Shu bilan birga, Xitoy delegasiyasi vakillarini Buxoro, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi chiqindi poligonlari hamda oqova suv tozalash inshootlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan.

Kiritildi: 09:44 18.07.2024. O'qildi: 869 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!