Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qattiq chiqindi xizmatidan qarzi borlarning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qilishni boshladi.
Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatda chiqindi to‘lovlaridan qarzi bo‘lganlarni SMS orqali xabardor qilib borish, qarzdorlik vujudga kelgani to‘g‘risida ogohlantirilgandan keyin to‘lov amalga oshirilmasa, ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik hozirda 596 mlrd. so‘mni tashkil etib, yil boshiga qaraganda 115 mlrd. so‘m ko‘paygan. Qarzdorliklarni undirish to‘g‘risidagi arizalarni sudlarga kiritish bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarish vazirligining hududiy organlariga yuklatilgan vazifa ham amaliyotda o‘z samarasini bermayapti.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilib, fuqarolar alohida ogohlantirishdan keyin ham chiqindi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmasa, chiqindi bo‘yicha qarzini to‘lanmaguniga qadar elektr energiya bo‘yicha to‘lovni amalga oshirmaslik taklif qilinayotgani ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining mohiyatiga alohida to‘xtalib, unga kiritilayotgan ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlaridan izoh so‘rashdi. Xususan, elektr tarmoqlari va iste’molchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar qonun loyihasi qabul qilinganidan so‘ng, yana qaytadan tuziladimi, degan savol ko‘tarildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ko‘tarilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.
Yig‘ilishida berilgan takliflar qonun loyihasini maromiga yetkazish chog‘ida e’tiborga olinadigan bo‘ldi.