Bugun 15 mart, 2026 yil, yakshanba

КИР

Chilonzorda narkokuryerlarni qo‘lga olgan inspektorga muddatidan oldin mayor unvoni berildi

Chilonzorda narkokuryerlarni qo‘lga olgan inspektorga muddatidan oldin mayor unvoni berildi

Toshkentning Chilonzor tumani hududida narkotik vositalar tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslarni qo‘lga olishda faol ishtirok etgan profilaktika inspektori, kapitan Laziz Abdukarimovga xizmatdagi jasorati uchun muddatidan oldin mayor unvoni berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa «Xavfsiz va sog‘lom yurt» oyligi hamda hududlarda xavfsiz muhitni ta’minlashga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar doirasida sodir bo‘lgan. 13 mart kuni Xirmontepa mahallasi profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarish jarayonida ko‘chada shubhali harakatlanayotgan ikki nafar shaxsni tekshirish maqsadida to‘xtatgan.

Biroq gumonlanuvchilar xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmay qochishga uringan. Profilaktika inspektori ulardan birini quvib yetib, qo‘lga olgan. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruv davomida gumonlanuvchining yonidagi sumkadan 59 ta zip-paketga qadoqlangan 295 dona pregabalin turidagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan.

Tezkor surishtiruv davomida qo‘lga olingan shaxs mahalla hududidagi bir nechta joylarga yashirib qo‘ygan hamda geolokasiya orqali belgilab ketgan dori vositalari ham topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Keyinchalik jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchining qochib ketgan sherigi Shayxontohur tumani hududida qo‘lga olingan. Uning yonidan ham tarqatish uchun tayyorlangan 35 dona kuchli ta’sir qiluvchi kapsula aniqlangan.

Profilaktika inspektori Laziz Abdukarimovning xizmat vazifasini sidqidildan bajargani hamda murakkab vaziyatda qat’iyat bilan harakat qilgani inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i bilan unga muddatidan oldin mayor unvoni berilgan.

Kiritildi: Bugun 11:30. O'qildi: 391 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!