Mamlakat prezidenti Petr Pavelning ta’kidlashicha, bir yil ichida Ukraina uchun uchinchi davlatlardan artilleriya snaryadlarini sotib olish tashabbusi doirasida Kiyevga 1,6 million dona yirik kalibrli o‘q-dorilar topshirilgan. Hozirning o‘zidayoq aprel oyigacha yetkazib berish kafolatlangan, ammo Praga bu muddatdan keyin ham xalqaro donorlar mablag‘lari hisobidan Ukraina uchun uchinchi davlatlardan snaryadlar sotib olishni davom ettirmoqchi.
“Yo‘limizning oxiri ko‘rinmayotgan bo‘lsa ham, to‘xtay olmaymiz. Tinchlik sulhi amalga oshmagunicha va Ukraina qayta oyoqqa tura olishiga to‘liq ishonch hosil qilmagunimizcha, biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishimiz zarur bo‘ladi”, — deya ma’lum qildi prezident Petr Pavel Myunxen xavfsizlik konferensiyasida.
Chexiya hukumatidagi anonim manbaning Reuters agentligiga xabar berishicha, 1,6 million snaryadning barchasi 100 mmdan ortiq kalibrga ega. Ular orasida 500 mingdan ortiq 155 mm kalibrli snaryadlar ham bor, bu esa NATO standartlariga mos keladi. O‘q-dorilarning birinchi qismi Ukrainaga 2024 yil iyun oyida yetkazib berilgan. Germaniya, Niderlandiya va Daniya kabi davlatlar Loyihaning eng yirik donorlaridan hisoblanadi. Ushbu loyihaga umumiy hisobda 15 nafar Yevropa Ittifoqi va NATO mamlakatlari, jami 1,5 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratishgan.