Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urgut tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar S.A. va S.M. fuqarolar A.N. va B.T.ning ishonchiga kirib, ularni 22 000 AQSh dollari evaziga Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishini va’da qilishib, oldindan 15 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.I. fuqaro O.B.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida 2 500 AQSh dollari evaziga Litva davlatiga ishga borishi uchun hujjatlarini rasmiylashtirib, viza olib berishini aytib, shundan 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Departamentning Navoiy shahri bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar N.SH. va N.B. fuqaro M.S.ning ishonchiga kirib, uni Janubiy Koreya davlatiga 6 oylik mavsumiy ishga yuborishlari evaziga 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Departamentning Bekobod shahri bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.SH. fuqarolar B.D. va S.D.ni Turkiya davlatiga borishlari uchun tanishlari orqali deportini yechib, viza olib berishi evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati ma’lumot berdi.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, – deyilgan xabarda.