Germaniya kansleri Olaf Shols Kiyevga kumushrang jomadonda nima olib kelgani ma’lum bo‘ldi.
2 dekabr kuni Ukraina poytaxtiga poyezdda tashrif buyurgan Olaf Sholsning qo‘lidagi salmoqligina jomadon OAV va jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Kansler sirli jomadonni yordamchilariga bermay shaxsan o‘zi ko‘tarib yurgani tusmolu shubhalarni yanada kuchaytirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda olmon yetakchisi Ukrainaga yadro qurolini olib keldi degan hazilomuz ovoza ham tarqaldi. Ayrimlar esa jomadonda Ukrainaga millionlab yevro ko‘mak keltirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Sirli jomadon atrofidagi gap-so‘zlar shu qadar bolalab ketdiki, Kiyevdagi matbuot anjumanida jurnalistlardan biri kanslerning o‘zidan masalaga oydinlik kiritishni so‘radi.
Sholsning aytishicha, jomadonda shunchaki shaxsiy ehtiyoj uchun kerakli buyumlarni keltirgan, xolos. Binobarin, turli mish-mishu ovozalarda asos yo‘q.
Albatta, Germaniya rahbari Ukrainaga quruq qo‘l bilan kelmagan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, Berlin Kiyevga 650 mln yevro miqdorida qurol-aslaha taqdim etadi. Bu 1,4 mlrd yevrolik ko‘mak paketining bir qismi sanaladi.