«Chegara bilmas shifokorlar» (MSF) tashkiloti Yevropa Ittifoqini G‘azoda davom etayotgan fojealarni to‘xtatmaslik orqali «tashkil etilgan etnik tozalash»ga yo‘l qo‘yganlikda va bevosita sheriklikda aybladi. Bu haqda tashkilot 18 iyul kuni «X» ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida ma’lum qildi.
MSF rahbariyati 16 iyun kuni YEI yetakchilariga ochiq xat yuborib, G‘azodagi falastinlik aholiga qarshi qatliomlarni zudlik bilan to‘xtatishni so‘ragan. Biroq YEI a’zolari chora ko‘rmagani sababli, «hukumatlar umumiy sukuti» fonida qirg‘in davom etmoqda, deyiladi bayonotda.
Tashkilot ma’lum qilishicha, urush boshlangandan beri 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ular orasida MSFning 12 xodimi ham bor. Oxirgi xodim 3 iyul kuni yordam mahsulotlarini olish paytida o‘ldirilgan.
Bayonotda gumanitar yordamning qasddan to‘xtatilgani, shifoxonalar muntazam nishonga olinayotgani va falastinliklarning ocharchilikka uchratilgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, MSF Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar kengashi 16 iyul kuni qabul qilgan xulosalarini «Isroilga bosim o‘tkazishni xohlamaslikning yana bir dalili» deb baholadi.
Tashkilot YEIni ikkiyuzlamachilikda ayblab, insonparvarlik huquqlariga nisbatan munosabatda qo‘llanayotgan ikki xil yondashuvni tanqid qildi. Xat Ursula fon der Lyayen, Antoniu Koshta, Roberta Metsola va Kaya Kallas nomiga yo‘llangan.
Evropa mamlakatlari 15–16 iyul kunlari G‘azodagi vaziyatni muhokama qilgan, biroq Isroil bilan Assosiasiya kelishuvini to‘xtatish yoki sanksiyalar joriy qilish bo‘yicha bir fikrga kela olmagan.