Bugun 30 may, 2026 yil, shanba

КИР

"Chegara bilmas shifokorlar": "Ebola virusi tobora xavfli tus olmoqda"

"Chegara bilmas shifokorlar": "Ebola virusi tobora xavfli tus olmoqda"

Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola isitmasi avj olishi bilan bog‘liq vaziyat nihoyatda tashvishli ekanini xalqaro gumanitar tashkilot — “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining operasiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Alan Gonsales ma’lum qildi.

“Ebola isitmasi o‘chog‘i Ituri provinsiyasida aniqlangani rasman e’lon qilinganiga ikki hafta bo‘lganiga qaramay, vaziyat hanuzgacha o‘ta tashvishli bo‘lib qolmoqda va mahalliy aholi hamda oldingi safda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari uchun jiddiy xavotir manbai hisoblanadi”, — deyiladi tashkilotning rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.

Gonsalesning ta’kidlashicha, Ebola virusining tarqalish sur’ati misli ko‘rilmagan darajada yuqori bo‘lib, kasallik tarqalgan hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar vaziyatga tezkor javob qaytarishga ulgurmayapti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni Ebolaga gumon qilingan yangi holatlar aniqlanmoqda. Biroq mavjud laboratoriya tekshiruvlari sur’ati kasallikni o‘z vaqtida tashxislash imkonini bermayapti. Shu sababli vaziyatni hech bo‘lmaganda qisman nazorat ostiga olish uchun laboratoriya tadqiqotlari ko‘lamini zudlik bilan kengaytirish zarur.

Gonsalesning ushbu bayonoti Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning Ituri viloyatiga yuqori darajadagi tashrifi munosabati bilan yangradi.

JSST Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandadagi Ebola isitmasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni favqulodda holat deb baholab, uning boshqa davlatlar uchun ham xavf tug‘dirayotganini ma’lum qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida virusga chalingani taxmin qilinayotgan 221 kishi vafot etgan. Mamlakatdagi avvalgi Ebola epidemiyasi esa 2025 yil oktyabr oyida yakunlangan edi.

Kiritildi: Bugun 21:49. O'qildi: 201 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!