OpenAI kompaniyasi bosh direktori Sem Altman odamlar tobora ko‘proq chat-botni terapevt sifatida ishlata boshlayotganini ta’kidladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday shaxsiy yoki psixologik mavzulardagi suhbatlar shifokorlik siriga kirmaydi.
"Agar siz ChatGPT bilan o‘zingizning eng shaxsiy ishlaringiz haqida gaplashsangiz va keyinchalik sud da’vosi yoki shunga o‘xshash biror holat yuz bersa, biz bu yozishmalarni taqdim etishga majbur bo‘lishimiz mumkin. Menimcha, bu judayam noto‘g‘ri", — dedi Altman.
ChatGPT asoschisining fikricha, chat-bot bilan yozishmalar ham shifokor yoki huquqshunos bilan maslahatlashgandek darajada maxfiylik bilan himoyalanishi kerak.
ChatGPT siyosatiga ko‘ra, foydalanuvchi tomonidan o‘chirilgan barcha chatlar, kompaniya ularni “huquqiy yoki xavfsizlik nuqtai nazaridan” saqlab qolishga majbur bo‘lmagan taqdirda 30 kun ichida butunlay yo‘q qilinadi. Shu bilan birga, OpenAI xodimlari modelni sozlash va yovuz niyatdagi foydalanish holatlarini aniqlash uchun yozishmalarni ko‘rishi mumkin.