O‘tgan yil Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun ancha samarali bo‘ldi. Buni yil mobaynida muassasada yangi diagnostika va davolash usullari yo‘lga qo‘yilgani, bir qator noyob jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham tasdiqlab turibdi.
Jamoa yutuqlarida, albatta, yurtimizda tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar va markazning rivojlangan davlatlardagi yetakchi klinikalar bilan hamkorligi muhim omil bo‘layotir.
— Mamlakatimizda tibbiyotga katta e’tibor qaratilmoqda, — deydi muassasa direktori Xurshid Fozilov. — Natija esa shunga yarasha bo‘lyapti. O‘zimizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, 2024 yilda markazimizda 12 ta yangi diagnostika va 15 ta davolash usuli joriy etilib, aholiga keng qulayliklar yaratildi.
Bugungi kunga kelib, markazimizda qo‘llanilayotgan tashxis usullari soni 292 taga, davolash usullari esa 115 taga yetdi. Shularga mos holda markazimizning o‘zida salkam 3 ming 100 ta operasiya o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 90 foizi yuqori texnologik amaliyotlar ekanligi e’tiborga molik.
O‘tgan yildagi yorqin yutuqlarimizdan yana biri — yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan bemorlarda 3D endoskopik usulda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘zlashtirilgani bo‘ldi.
Ana shu yutug‘imiz Prezidentimizning soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida alohida e’tirof etilgani esa bizga faxr-iftixor bag‘ishlashi bilan birga, zimmamizdagi mas’uliyatni yanada oshiradi.
Yil davomida xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda bir qator noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkazdik.
Misol tariqasida Germaniya xirurgiya markazi intervension aritmologi Aleksey Siganov bilan birgalikda kateterli krioablasiya amaliyoti muvaffaqiyat bilan amalga oshirilganligini keltirish mumkin.
AQSH, Rossiya va Turkiya davlatlarining tibbiyot tashkilotlari bilan 4 ta hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, shu asosda o‘zaro tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida 40 nafardan ziyod markaz mutaxassislari, ilmiy xodimlari Germaniya va Rossiyadagi nufuzli tibbiyot muassasalarida malaka oshirib keldi.
Markazning tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish yo‘nalishidagi faoliyati ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shu maqsadda hududiy filiallarda o‘tgan yilda 68 ta yangi diagnostika hamda 81 ta davolash usullarini joriy etdik.
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida koronar agiografiya tekshiruvi va stentlash amaliyoti o‘zlashtirildi. Qolaversa, joylarda mahalliy shifokorlar bilan birgalikda ko‘plab qo‘shma operasiyalar o‘tkazildi.
Asosiy yutug‘imiz sifatida hududlarga qaratilayotgan katta e’tibor tufayli aholining markazimizga murojaati deyarli 30 foizga kamayganligini keltirsa bo‘ladi.
Ayni chog‘da jamoamiz istiqboldagi vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarib, yutuqlar salmog‘ini yanada oshirish niyatida mehnat qilmoqda.