Buyuk Britaniya hukumati noqonuniy migrantlarni deportasiya qilish jarayonini tezlashtirish maqsadida oddiy fuqarolarni immigrasiya ishlarini ko‘rib chiqishga jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2027 yildan ish boshlashi rejalashtirilgan Mustaqil immigrasiya apellyasiyalari boshqarmasi tarkibida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan fuqarolar faoliyat yuritadi. Ular boshpana berish rad etilgan xorijliklar tomonidan berilgan apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, mamlakat ichki ishlar vaziri hujjatsiz migrantlar saqlanadigan maxsus markazlar sig‘imi kengaytirilishini ham ma’lum qildi. Rejaga ko‘ra, bu choralar immigrasiya qonunlarini buzgan yoki boshqa jinoyatlar sodir etgan 45 ming nafargacha shaxsni deportasiya qilish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatda deportasiya qilinishi lozim bo‘lgan qariyb 20 ming nafar xorijiy fuqaro mavjud.