Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari vazirligi (FCDO) 18 dekabr kuni sanksiyalar ro‘yxatini yangilab, unga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan to‘rtta kompaniya va tadbirkor Rustam Mo‘minovni kiritdi.
Britaniya tomoni ma’lum qilishicha, O‘zbekiston, Isroil va Rossiya fuqaroligiga ega Rustam Mo‘minov Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlar yoki resurslar taqdim etishda ishtirok etgan bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Avvalroq, 23 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi ham 19-sanksiyalar paketi doirasida Rustam Mo‘minovga cheklovlar joriy etgan. YEI uni Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasi yetkazib berish bilan bog‘lagan. Ittifoq hujjatlarida Mo‘minov O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekani qayd etilgan.
Buyuk Britaniya sanksiyalari, shuningdek, O‘zbekistondagi Farg‘ona Kimyo Zavodi, Raw Materials Cellulose, Gelion Business Trade va Chemistry International kompaniyalariga ham tatbiq etildi.
Ma’lumot uchun, joriy yil may oyida Ukraina hukumati ham Mercury Renaissance, Farg‘ona Kimyo Zavodi va Raw Materials Cellulose kompaniyalariga sanksiyalar joriy etgan, Rustam Mo‘minov esa Ukraina tomonidan sanksiyalangan 58 nafar jismoniy shaxs ro‘yxatiga kiritilgan.