Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Buyuk Britaniya Ukrainaga ajratiladigan 2,8 mlrd yevro sabab Abramovichga bosim o‘tkazmoqda

Buyuk Britaniya Ukrainaga ajratiladigan 2,8 mlrd yevro sabab Abramovichga bosim o‘tkazmoqda

Buyuk Britaniya hukumati Roman Abramovichga «Chelsi» klubini sotishdan tushgan 2,8 milliard yevroni Ukrainaga gumanitar yordam sifatida yo‘naltirish masalasini hal qilish uchun 90 kun muhlat berdi.

«Abramovichga murojaatim aniq: vaqt ketmoqda. O‘z zimmangizga olgan majburiyatni bajaring va hoziroq to‘lang», — deya BBC Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning so‘zlarini keltiradi.

Rossiyalik oligarx Roman Abramovich Londonning «Chelsi» futbol klubi homiysi sifatida tanilgan. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay, u klubni sotishga majbur bo‘lgan va shundan buyon milliardlab yevro Britaniyadagi bank hisobida muzlatib qo‘yilgan.

London ushbu mablag‘lar maxsus jamg‘arma orqali Ukrainadagi urush qurbonlariga yo‘naltirilishini talab qilmoqda. Abramovich esa pul «urushning barcha qurbonlariga», ya’ni rossiyalik fuqarolarni ham qamrab olgan holda berilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Agar u shu pozisiyasida qolsa, Starmerning aytishicha, London sudga murojaat qiladi.

Moliya vaziri Reychel Rivz ham oligarxni keskin tanqid qilib, mablag‘larning hanuzgacha Britaniya bank hisobida muzlatib turilishi «qabul qilib bo‘lmas holat» ekanini aytdi.

📌 Roman Abramovich «Chelsi» klubini 2003 yilda taxminan 140 million funt sterlingga sotib olgan. Klub uning davrida eng katta yutuqlarga erishib, 2012 va 2021 yillarda ikki marta UEFA Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan. 2022 yil fevral oyida Abramovich Kremlga yaqinligi sabab sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Kiritildi: 18:54 18.12.2025. O'qildi: 496 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!