Buyuk Britaniya Rossiyaning Gruziya hududlarini bosib olishini keskin qoraladi.
Bu haqda Buyuk Britaniyaning Gruziyadagi elchixonasi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Jenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Buyuk Britaniya Gruziya suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan. Rezolyusiyada Rossiya bosqinidan kelib chiqqan inson huquqlari buzilishi va gumanitar muammolarga alohida e’tibor qaratilgan.
Buyuk Britaniyaning Yevropa va Shimoliy Amerika bo‘yicha davlat vaziri Stiven Doughti Rossiya o‘z harbiy kuchlarini olib chiqib ketishi, mustaqil hududlarni tan olishdan voz kechishi va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro kuzatuvchilarning mintaqaga kirishini ta’minlashi kerakligini aytdi. "Rossiya 17 yil davomida Abxaziya va Sxinvali hududi ustidan noqonuniy harbiy nazoratni amalga oshirdi, bu esa xalqaro huquqni buzadi va etnik gruzinlarni asosiy huquqlaridan mahrum qiladi. Bu ishg‘olga chek qo‘yilishi kerak", - deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 8 oktyabr kuni Jenevada BMT Inson huquqlari kengashi bosib olingan hududlar bo‘yicha “Gruziya bilan hamkorlik” nomli rezolyusiyani qabul qilgan edi. Gruziya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, rezolyusiyani Kengash yig‘ilishida vazir o‘rinbosari Lasha Darsaliya taqdim etgan.