Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili uchib ketayotgan Qirollik havo kuchlari samolyoti Estoniyadan qaytish vaqtida GPS signali yo‘qolishiga duch kelgan.
BBC rus xizmati va Britaniya matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot Rossiya chegarasi yaqinida uchayotgan paytda navigasiya signali uzilgan. Shu sababli uchuvchilar uch soatlik parvoz davomida boshqa navigasiya tizimidan foydalanishga majbur bo‘lgan.
Hodisa o‘tgan hafta Jon Hilining Estoniyadagi Britaniya harbiylariga tashrifidan so‘ng sodir bo‘lgan.
Britaniya OAVlari ehtimoliy elektron aralashuv ortida Rossiya turishi mumkinligini yozmoqda. Biroq Moskva hozircha bu xabarlarga rasmiy izoh bermagan.
The Times nashrining yozishicha, mudofaa vaziri to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron hujum nishoni bo‘lganmi-yo‘qmi, hozircha aniq emas.
Britaniya Mudofaa vazirligidagi manba esa bu holatni “Rossiyaning beparvo aralashuvi” deb atagan va Qirollik havo kuchlari bunday tahdidlarga qarshi turishga tayyorligini bildirgan.