Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti va Aviasiya xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida yurtimiz hududidan qadimiy tangalarning noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yildi.
Mazkur holatda, “Buxoro – Vnukovo” yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketayotgan fuqaro Respublikamiz hududidan madaniy meros ashyolarini yashirincha olib chiqishga uringan vaqtida bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatib qolindi.
Natijada, jami 22 dona qadimiy tangalar ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tangalar XX asrda zarb etilgan bo‘lib, ular Rossiya imperiyasi hamda Sovet Ittifoqi davriga oidligi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, ba’zi tangalar Avstriya-Vengriya yoki Germaniya imperiyasiga tegishli bo‘lishi ham mumkin.
Hozirda ushbu numizmatika ashyolari qadimiylik darajasini aniqlash va tarixiy ahamiyatini baholash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasiga badiiy ekspertizadan o‘tkazish maqsadida taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, zarb etilganligiga 50 yildan oshgan numizmatika buyumlarini yurtimiz hududidan olib chiqib ketish ta’qiqlanadi.