AOKAda bo‘lib o‘tgan bugungi matbuot anjumanida Moliya vazirligi departament mudiri To‘lqin Mirzayev ushbu savolga javob berdi:
— Prognozlarimiz bo‘yicha, hozir bug‘doyning ichki bozordagi sotib olish narxi 3 mln. so‘m atrofida bo‘lishini kutyapmiz. Agar 3 mln. so‘m atrofida bo‘lsa, qolipli non narxi Toshkent shahridan boshqa joylardagi narxlar darajasidan oshib ketmaydi. Masalan, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazmda bir qolipli nonning narxi 2800 so‘mgacha sotilmoqda. Agar bug‘doyning narxi 3 mln. so‘m atrofida bo‘lsa, qolipli nonning narxi 2800 so‘mdan, ya’ni bozordagi narxdan oshib ketmaydi, demoqchiman. Faqat bu narsani Toshkent shahrida sezishimiz mumkin. Bu eng pessimistik prognozlarimiz. O‘ylaymanki, tadbirkorlarimiz erkinlashtirish jarayonida ichki raqobatdan kelib chiqib, o‘z xarajatlarini kamaytirish va o‘z o‘rnini yo‘qotmaslikka harakat qiladi va buxanka non narxi undan arzonroq bo‘lishi mumkin.
Tadbirkorlarmizdan iltimos qilgan bo‘lardim. O‘tgan safar unni birja savdolariga qo‘yganda shanday holatlar bo‘lganki, yirik hajmda birjadan unni sotib olib, narxni ushlab turib, yuqori narxlarda sotishga urinishlar bo‘lgan. Yoki unni sotib olib, non ishlab chiqarishni vaqtinchalik ushlab turib, bozordagi non narxini ko‘tarishga urinishlar bo‘lgan. Bu holatlardan kelib chiqib, tegishli choralarni ko‘rganmiz. Birja savdolarida aynan buxanka non ishlab chiqaruvchilarga va aholiga unni chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga un sotiladi. O‘rtakashlik qilib, daromad olmoqchi bo‘lganlarga un savdosini to‘xtatish choralarini ko‘ramiz va bu bozordagi narx barqarorligini saqlashga xizmat qiladi, – deydi To‘lqin Mirzayev