Bugun 27 sentyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Bundesver Latviyaga to‘rtta Eurofighter qiruvchisini joylashtirdi

Bundesver Latviyaga to‘rtta Eurofighter qiruvchisini joylashtirdi

Germaniya qurolli kuchlari — Bundesver 3 oktyabr kuni Latviyada bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari davrida havo hududi xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashish uchun mamlakatga to‘rtta Eurofighter qiruvchi samolyotini yubordi. Ular Latviyada bir haftadan sal ko‘proq vaqt davomida joylashtiriladi.

DW xabariga ko‘ra, Latviya Mudofaa vazirligi bu haqda 24 sentyabr kuni ma’lum qilgan. Germaniyaning Noyburg-an-der-Donau aviabazasidagi 74-taktik aviasiya eskadrasiga qarashli qiruvchilar Latviya markazida joylashgan Liyelvarde harbiy aerodromiga o‘tkazilgan.

Samolyotlar NATOning birlashgan havo va raketa hujumidan mudofaa tizimini qo‘llab-quvvatlash vazifalarini bajaradi.

dpa agentligi qayd etishicha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari havo hududi bir necha bor buzilgani fonida Riga NATOdagi ittifoqchilaridan yordam so‘ragan.

Latviya bosh vaziri Andris Kulbergs X ijtimoiy tarmog‘ida Germaniyaga yordam berishga tayyorligi va yaqin hamkorligi uchun minnatdorlik bildirgan. U bu qadamni NATO hamjihatligi hamda Latviya havo hududi va aholi xavfsizligini himoya qilishga umumiy sodiqlikning amaliy ifodasi deb baholagan.

NATO Estoniya, Latviya va Litva 2004 yilda alyansga qo‘shilganidan buyon uning shimoli-sharqiy qanotidagi havo hududini qo‘riqlab kelmoqda.

2026 yil dekabridan Germaniyaning Eurofighter samolyotlari NATOning Air Policing missiyasi doirasida Estoniya hududidan alyans havo hududini kuzatish vazifasiga yana uzoq muddatga kirishadi.

2027 yil martigacha Estoniya shimoli-g‘arbidagi Emari aviabazasida beshta Eurofighter qiruvchisi va ularning parvoz ekipajlari joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Kiritildi: Bugun 00:30. O'qildi: 265 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!