Bundesliga rahbariyati koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan mavsumni davom ettirish rejasini ishlab chiqdi. Bu haqda "Daily Mail" xabar bermoqda.
Manbada aytilishicha, futbolchilarga jamoadoshlari va murabbiylar shtabi a’zolarining xavfsizligi uchun do‘stlari va hatto rafiqalari bilan salomlashishdan, umuman yaqin munosabat o‘rnatishdan voz kechish taklif qilingan.
Uchrashuvlarga kelishdan oldin barcha o‘yinchilarning harorati o‘lchanadi. Stadionda yoki klub bazasida bo‘lganida, futbolchilarga boshqa odamlarning narsalarini (ichimliklar uchun idishlar, jihozlar, shaxsiy gigiyena vositalari) ishlatish taqiqlanadi.
Shuningdek, matbuot anjumanlari, jamoaviy fotosuratlar va an’anaviy suhbatlar taqiqlanadi. Yana bir yangilik: stadionlarga bir vaqtning o‘zida 300 nafardan oshiq odam tashrif buyurishi mumkin emas.