Bundan buyon barcha pedagogika oliygohlari faoliyati tubdan o‘zgarishi belgilandi. Prezidentimiz buni Termiz pedagogika instituti misolida tushuntirib berdi.
Bu oliygohga Yangi O‘zbekiston universitetidagi kabi xalqaro boshqaruv tizimi tatbiq etiladi. “Top” xorijiy oliygohlar tajribasi asosida fakultetlar o‘rnida aniq, tabiiy, ijtimoiy, filologiya, amaliy fanlar, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha 6 ta oliy maktab tashkil qilinadi.
Aniq fanlar maktabida Myunxen texnika universiteti ta’lim dasturlari joriy etiladi. Qolganlari esa Kembrij universiteti talablari asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.
Oliygohdagi fanlar soni ham maqbullashib, 20 tadan 15 taga, ta’lim yo‘nalishlari 31 tadan 17 taga tushiriladi, o‘quv yuklamasi 20 foizga qisqaradi.
Termiz shahri va tumanidagi 47 ta maktab oliygohning amaliyot bazasiga aylantiriladi. 3 ta ixtisoslashgan hamda yangi baholash tizimiga o‘tgan 12 ta maktab esa metodik baza bo‘lib, oliygoh ularni zamonaviy laboratoriya bilan ta’minlaydi.
Oliygohning xorijiy til sertifikati bor 20 nafar o‘qituvchisi shu yil Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Kelgusi uch yilda institutning barcha professor-o‘qituvchilari xorijiy til sertifikatini olib, chet elda o‘qib keladi.
Bu tizim barcha pedagogika oliygohlarida joriy etiladi.